Logo

Ispaniyadan munosabat: O'zbekiston Prezidentining tashabbuslari inson qadr-qimmati va kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega

Noyabr 06, 2025. 09:34 • 2 daq

65
Ispaniyadan munosabat: O'zbekiston Prezidentining tashabbuslari inson qadr-qimmati va kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega

MADRID, 6-noyabr. /"Dunyo" AA/. Ispaniyaning nufuzli SEU San Pablo universiteti professori, Markaziy Osiyo mintaqasi bo'yicha mutaxassis Antonio Alonso Dohada o'tkazilgan Ijtimoiy rivojlanish bo'yicha Ikkinchi Jahon sammitida O'zbekiston rahbarining nutqi haqida munosabat bildirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

– O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dohada bo'lib o'tgan ijtimoiy rivojlanish bo'yicha ikkinchi Butunjahon sammitidagi nutqi bilan tanishib chiqdim. Menimcha, Prezident tomonidan taqdim etilgan tashabbuslar nafaqat strategik tomondan, balki insonlarning qadr-qimmati va kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega.

Adolat, tenglik va zaif guruhlarni himoya qilish tamoyillari doim qo'llab-quvvatlanib kelingan. O'zbekistonda kambag'allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirish ulkan yutuq bo'lib, bu tizimli va maqsadli islohotlarning samarali yo'lidan dalolat beradi.

Ijtimoiy adolat uchun Global jamg'armani tashkil etish tashabbusi ulkan xalqaro salohiyatga ega. Bugungi kunda ijtimoiy tengsizlikning kuchayib borayotgan sharoitida bunday tuzilma global hamjamiyatning kambag'allikka qarshi kurashishdagi sa'y-harakatlarini muvofiqlashtirish uchun kuchli vositaga aylanishi mumkin.

Raqamlashtirish va sun'iy intellekt davrida mehnat bozorining zamonaviy qarashlarini aks ettiruvchi "Ijtimoiy javobgarlik va munosib mehnat bo'yicha global tashabbus" g'oyasi ham bir xil darajada muhimdir. Ushbu yondashuv zamon ruhiga mos keladi va texnologik taraqqiyot va insoniy qadriyatlar o'rtasidagi uyg'unlikni ta'minlashga qaratilgan.

Prezident, shuningdek, ta'limning barqaror rivojlanishda asosiy omil sifatidagi rolini haqli ravishda ta'kidladi. O'zbekistonda ta'limga e'tibor qaratgan holda ochlik va kambag'allikka qarshi kurashish bo'yicha global ittifoq sammitini o'tkazish taklifi mamlakatning gumanitar kun tartibida yetakchilikka sodiqligini namoyish etadi.

Mehnat migrantlarini himoya qilish va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashishni bandlik dasturlariga integratsiyalashga qaratilayotgan e'tiborni yuqori baholayman. Bu O'zbekistonning odamlar va tabiat bir butun deb hisoblangan inklyuziv va mas'uliyatli rivojlanishni doimiy ravishda qo'llab-quvvatlashini tasdiqlaydi.

Umuman olganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi gumanistik yetakchilikning yorqin namunasi va global hamkorlikning yangi falsafasi — insoniyat, uning sha'ni va qadr-qimmati yo'lida hamkorlikni aks ettirdi. Ishonchim komilki, bildirilgan tashabbuslar sayyoramizda ijtimoiy adolat va barqaror rivojlanishni mustahkamlash uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish