Janubiy Koreyadan munosabat: "C5+1" sammiti ta'lim tashkilotlari uchun ham yangi imkoniyat yaratmoqda
Noyabr 11, 2025. 09:20 • 2 daq
• 120
SEUL, 11 noyabr. /"Dunyo" AA/. Janubiy Koreyaning "HY Education" kompaniyasi rahbari Chon De Gun "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidentining AQShga tashrifi va Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining "C5+1" formatdagi sammitidagi ishtiroki haqida fikr bildirdi:

– So'nggi yillarda O'zbekiston tashqi siyosatda qabul qilgan ochiqlik, pragmatizm va mintaqaviy hamkorlikka asoslangan yondashuv o'z samarasini bermoqda. Bu siyosiy tashabbuslar mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini sezilarli oshirdi. Xususan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqinlashuv, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi davlatlar bilan strategik muloqotlarning kuchayishi O'zbekistonning tashqi siyosiy salohiyatini mustahkamlamoqda.
O'zbekiston Markaziy Osiyoda muhim rol o'ynaydigan davlat ekanini Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi va Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining "C5+1" formatdagi sammitidagi ishtiroki yana bir bor isbotladi. Ushbu tashrif mamlakat tashqi siyosatining yangi bosqichga ko'tarilganini anglatadi.
Tashrif doirasida AQShning yirik kompaniyalari bilan energetika, AKT, qishloq xo'jaligi va ta'lim sohalarida hamkorlik bo'yicha kelishuvlar imzolandi. O'zbekiston yetakchisining AQSh Kongressi Vakillar palatasi a'zolari bilan uchrashuv chog'ida ta'lim sohasida hamkorlikni kuchaytirish, talabalar almashinuvi va stipendiya dasturlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Bu kelishuvlar "HY Education" kabi ta'lim tashkilotlari uchun yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratadi. Bizning kompaniya bu jarayonda faol ishtirok etib, o'z dasturlarini integratsiyalash imkoniyatiga ega bo'ladi. Zero, kompaniyamiz global iste'dodlar uchun yechim platformasini yaratmoqda. Ushbu platforma orqali ko'plab xorijiy talabalar Janubiy Koreya universitetlarida o'qish va ishlash imkoniyatiga ega bo'layapti.
Menimcha, hozirda O'zbekiston va Janubiy Koreya o'zaro manfaatli – "win-win" holatda joylashgan deb aytish mumkin. Xususan, Janubiy Koreya bugungi kunda past tug'ilish darajasi va shundan kelib chiqadigan turli ijtimoiy muammolar bilan kurashmoqda. Bunga qarama-qarshi ravishda, O'zbekiston esa kuchli va faol yoshlarga ega mamlakat sifatida ajralib turadi. Shu omillar asosida, ikki davlat bir-birini to'ldiruvchi hamkorlik orqali o'zaro foydali natijalarga erishishi mumkin, deb hisoblayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi