O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi munosabatlar ikki mamlakat xalqlarining uzoq muddatli manfaatlariga mos keladi
Fevral 21, 2024. 10:25 • 5 daq
• 445
TOSHKЕNT, 21-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun "Kelajak O'yinlari" musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Rossiyaning Qozon shahriga boradi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

1992-yil 20-martda o'rnatilgan diplomatik munosabatlar O'zbekiston-Rossiya o'rtasidagi samarali va o'zaro manfaatli aloqalarining muhim bosqichi bo'ldi.
Salkam 32 yil davomida ko'p qirrali O'zbekiston-Rossiya aloqalari o'zaro kelishuv asosida tobora mustahkamlanib, yangi yo'nalishlarni qamrab olmoqda.
Ikki tomonlama munosabatlar 2016-yildan so'ng yangi bosqichga ko'tarildi. Ikki davlat rahbarlari o'rtasida o'rnatilgan ishonchli va do'stona yaqin aloqalar O'zbekiston-Rossiya hamkorligiga yangi sur’at bag'ishladi. So'nggi yillarda amalga oshirilgan oliy darajadagi 16 ta o'zaro tashrif deyarli barcha jabhalarda samarali davlatlararo muloqotni sezilarli darajada faollashtirish imkonini berdi.
Tomonlar o'z orbitasiga tobora ko'proq yangi ishtirokchilarni, jumladan, hududlar miqyosida jalb etib, barcha darajalarda intensiv va keng ko'lamli aloqalarni davom ettirmoqda.
Ikki mamlakat parlamentlari o'rtasidagi muntazam almashinuvlar o'zaro hamkorlikning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. O'zbekiston Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federal Majlisi Federatsiya Kengashi o'rtasida hamkorlik bo'yicha qo'shma komissiya tuzildi va u muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. O'zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Rossiyaning Davlat Dumasi darajasida ham parlamentlararo guruhlar tuzilgan. Ikki mamlakat parlament a’zolarining muntazam uchrashuvlari nafaqat qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, balki ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan qonun hujjatlarini kelishilgan holda qabul qilish imkonini berayotir.
Ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o'rtasidagi samarali almashinuvlar tizimli asosda rivojlanib borayotir. O'zbekiston-Rossiya hamkorligining turli masalalari, jumladan, ikki tomonlama va ko'p tomonlama formatdagi hamkorlikning dolzarb va muhim jihatlari yuzasidan Tashqi ishlar vazirliklari o'rtasida muntazam siyosiy maslahatlashuvlar o'tkazilmoqda. O'zbekiston va Rossiya BMT, MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa global hamda mintaqaviy tuzilmalar doirasida yaqindan hamkorlik qiladi hamda bir-birining tashabbuslarini faol qo'llab-quvvatlaydi.
O'zbekiston-Rossiya muloqotining asosiy yo'nalishi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi hamkorlikdir. Aytish joizki, hozirgi kunda mamlakatlar o'rtasida erkin savdo rejimi amal qilyapti. Umuman olganda, o'tgan yil yakunlariga ko'ra, o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 9,8 milliard dollardan oshdi.
Bugungi kunda O'zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi 2900 ga yaqin korxona ishlayapti. So'nggi yillarda tog'-kon, metallurgiya, yoqilg'i-energetika, kimyo, qishloq xo'jaligi, mashinasozlik, to'qimachilik va boshqa sohalarda 100 dan ortiq yirik qo'shma loyihalar amalga oshirildi.
Tomonlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va yetakchi iqtisodiy tuzilmalari o'rtasida to'g'ridan to'g'ri aloqalarni ham yo'lga qo'ygan. Hududlardagi ishlab chiqarish korxonalari bu jarayonda o'z o'rnini faol rivojlantirmoqda, yangi ta’minot tarmoqlari va birjalar tashkil etilyapti. 2023-yilda ikki davlat hududlari yetakchilarining 80 dan ortiq o'zaro tashriflari bo'lib o'tdi. Bunga yorqin misol sifatida nisbatan yangi hamkorlik instituti – Mintaqalararo hamkorlik forumini keltirish mumkin. Xususan, 2023-yil 4-oktyabr kuni Tatariston poytaxti Qozon shahrida bo'lib o'tgan 3-forum yakunlari bo'yicha umumiy qiymati 3,5 milliard dollarlik bitim va shartnomalar imzolandi.
Boy va rang-barang madaniy-gumanitar hamkorlik ham tahsinga loyiq. O'zbekiston bugungi kunda Rossiya universitetlarining xorijiy filiallari soni bo'yicha yetakchi hisoblanadi. So'nggi to'rt yil ichida mamlakatimizda faoliyat ko'rsatayotgan 14 ta yetakchi Rossiya universitetlaridan 11 tasining filiali ochildi. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti, G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti, "MISIS" Milliy tadqiqot texnologik universiteti filiallari shular jumlasidandir. Shuningdek, o'n mingdan ziyod O'zbekiston yoshlari Moskva va Rossiya hududlaridagi oliy o'quv yurtlarida bugungi kunda talab qilinadigan zamonaviy mutaxassislik va ko'nikmalarni o'zlashtirmoqda.
Ikki mamlakat o'rtasida sayyohlar almashinuvi jadal rivojlanmoqda. O'zbekistonga kelayotgan rossiyalik sayyohlar soni yil sayin ortib borayotgani fikrimizni tasdiqlaydi. Jumladan, 2023-yilda ularning soni 714,2 ming kishini tashkil etdi, bu raqam undan oldingi yilga nisbatan 25,8 foizga ko'p demakdir. O'zbekiston Turizm qo'mitasi tahlillariga ko'ra, 2025-yilga borib mamlakatimizga keladigan rossiyalik sayyohlar soni bir million kishiga yetadi.
O'zbekiston va Rossiya, shuningdek, madaniyat va san’at namoyandalari o'rtasidagi an’anaviy ijodiy almashinuvlarni ham faol qo'llab-quvvatlamoqda. Ikki davlat teatrlarining ijodiy gastrollari, madaniyat kunlari o'zaro asosda tashkil etilayotgani shundan guvohlik beradi. O'zbekistonda tashkil etilayotgan xalqaro festival va tadbirlar – "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivali, baxshichilik san’ati festivali, Toshkent xalqaro kinofestivali va boshqalarda rossiyalik ijodkorlar muntazam ishtirok etmoqda.
Eslatib o'tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu tashrif doirasida Qozon shahrida bo'lib o'tayotgan "Kelajak O'yinlari" musobaqasining rasmiy ochilish marosimida qatnashadi. Sovrin jamg'armasi 10 million dollarni tashkil qiluvchi mazkur xalqaro turnirda 100 dan ortiq davlatdan 227 jamoa qatnashmoqda. Ular 21 ta innovatsion yo'nalish bo'yicha o'zaro bellashadilar. Ularning har biri fijital tushunchasini birlashtiradi, ya’ni klassik sport va kibersport yoki VR-/AR texnologiyasini o'z ichiga oladi. Musobaqa beshta — sport, taktika, strategiya, texnologiya va tezlik kabi jihatlarga asoslangan.
Qozon shahrida bo'lib o'tadigan oliy darajadagi o'zbek-rus muzokaralari va davlat rahbarlarining "Kelajak O'yinlari" musobaqasining rasmiy ochilish marosimida birgalikda ishtirok etishlari, shubhasiz, O'zbekiston va Rossiya xalqlarining uzoq muddatli manfaatlariga asoslangan strategik va ittifoqchilik xususiyati bilan ajratib turadigan ko'p qirrali ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur’at bag'ishlaydi.
O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmat arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Xitoydan munosabat: O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlari ikki davlat yetakchilari saʼy-harakatlari tufayli strategik darajaga ko‘tarildi

Dushanbedan munosabat: O‘zbekiston urbanizatsiya sohasini davlat taraqqiyotining muhim yo‘nalishi sifatida baholamoqda


