Logo

Pokistondan munosabat: O'zbekiston Prezidenti maqolasida Markaziy Osiyoda hamkorlik tamoyillari aniq belgilangan

Noyabr 15, 2025. 11:13 • 3 daq

89
Pokistondan munosabat: O'zbekiston Prezidenti maqolasida Markaziy Osiyoda hamkorlik tamoyillari aniq belgilangan

ISLOMOBOD, 15-noyabr. /"Dunyo" AA/. Pokistondagi Bahriya universitetining Gumanitar va ijtimoiy fanlar fakulteti dekani, professor Adam Saud "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidentining "Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida" nomli maqolasi haqida fikr bildirdi:

– O'zbekiston Prezidentining "Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida" sarlavhali maqolasini katta qiziqish bilan o'qib chiqdim. Albatta, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu maqolasi haqida fikr bildirish har bir ekspertga katta mas'uliyat yuklaydi. O'zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta'minlash, yillar davomida to'planib qolgan muammolarni, xususan, davlat chegaralari bilan bog'liq holatlarni hal etishdagi sa'y-harakatlarini hech kim inkor etolmaydi. Maqolada, ana shu jihatlar qalamga olingan, mintaqada kechayotgan bugungi voqeliklar, mamlakatlar o'rtasida so'nggi yillarda vujudga kelgan yaqin qo'shnichilik aloqalari va mavjud muammolar chuqur tahlil qilingan.

Markaziy Osiyo o'z taraqqiyotining yangi, tarixiy ahamiyatga molik bosqichiga qadam qo'ymoqda. Bugun chinakam birdamlik bosqichiga o'tyapti. Mintaqada uzoq yillar davomida ilk bor birgalikda oldinga qarab borish uchun poydevor bo'lib xizmat qilayotgan o'zaro ishonch, yaxshi qo'shnichilik va hurmat muhiti shakllanmoqda.

Mintaqaviy hamkorlik borasida boshlangan yangi bosqichning eng muhim yutuqlaridan biri – chegara masalalari uzil-kesil hal etilganidir. Yaqin-yaqingacha imkonsiz tuyulgan bu muammoning yechimi bugun real holatga, bir paytlar mintaqa davlatlarini ajratib turgan chegaralar esa do'stlik va hamkorlik ko'prigiga aylandi. 2025-yil mart oyida O'zbekiston, Qirg'iziston va Tojikiston o'rtasida uch davlatning chegaralari tutashgan nuqta to'g'risidagi Shartnoma va Xo'jand deklaratsiyasining imzolangani tarixiy ahamiyatga molik hodisadir. Buni haqli ravishda olamshumul voqea deb atash mumkin.

Men har safar O'zbekistonga borganimda ulkan o'zgarishlarga guvoh bo'laman. Bu quvonarli, albatta. Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, O'zbekiston Prezidenti nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasini birlashtirdi, balki Markaziy va Janubiy Osiyo o'zaro bog'liqligini  yana-da mustahkamlashda ham asosiy rol o'ynamoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Osiyo mamlakatlari, xususan, Pokiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratayotgan yuqori e'tibori, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligini ta'minlashga muhim hissa bo'lib qo'shilyapti.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Markaziy Osiyoni barpo etish borasida boshlangan jarayon ortga qaytmas yo'l ekanini ta'kidlar ekan, mintaqada tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta'minlash yo'lidagi tarixiy birlikni asrab-avaylash barcha mamlakatlar oldidagi umumiy vazifa ekanini bildirdi. Davlat rahbarining bu fikrlari Janubiy Osiyo mamlakatlari uchun birdek muhim, deb o'ylayman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish