Logo

Budapeshtda "Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi Samarqand sammiti arafasida" mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi

Mart 20, 2025. 11:36 • 2 daq

1134
Budapeshtda "Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi Samarqand sammiti arafasida" mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi

BUDAPESHT, 20-mart. /"Dunyo" AA/. Vengriya poytaxtida O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi hamda Budapesht shahridagi Korvinest universiteti tadqiqot markazi hamkorligida "Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi Samarqand sammiti arafasida" mavzusida davra suhbati tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda O'zbekiston va Vengriyaning yetakchi ekspertlari, diplomatlari va olimlari qatnashdi.

Anjumanning ochilish qismida Korvinus universiteti ilmiy ishlar bo'yicha prorektori, doktor Bartusz Tamas, O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Tashqi siyosat tadqiqotlari va xalqaro tashabbuslar markazi direktori Sanjar Valiyev, O'zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov ishtirok etdi.

Tadbir doirasida ikkita asosiy tematik sessiya bo'lib o'tdi. Ularda zamonaviy chaqiriqlar sharoitida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o'rtasidagi hamkorlikning muhim jihatlariga to'xtalib o'tdi.

"Global o'zgarishlar va umumiy muammolar kontekstida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o'rtasidagi hamkorlikni qayta ko'rib chiqish" mavzusidagi birinchi sessiyada hamkorlik kun tartibi va o'zaro sheriklik mexanizmlarini yangi voqeliklarga moslashtirish masalalari xususida fikr almashildi. Shuningdek, ishtirokchilar global o'zgarishlarning mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanishga ta'sirini muhokama qildilar.

"Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o'rtasidagi hamkorlikning istiqbolli loyihalari" mavzusiga bag'ishlangan ikkinchi sessiya mintaqalar o'rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladigan aniq tashabbus va loyihalar taqdimoti uchun muhim maydon bo'ldi.

Markaziy Osiyoda iqtisodiy o'sish va ijtimoiy farovonlikka sezilarli ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan barqaror loyihalarni amalga oshirish uchun Yevropadan investitsiya va texnologiyalarni jalb qilishning qo'shimcha imkoniyatlarini ko'rib chiqish muhokamaning muhim jihati bo'ldi.

Har ikkala sessiya ishtirokchilarning hamkorlikni chuqurlashtirish va tadqiqot natijalarini almashishga yuqori darajadagi qiziqishini namoyon etdi, shuningdek, global va mintaqaviy miqyosdagi muammolarni hal qilish uchun qo'shma platformalar yaratishga chaqirdi.

Ta'kidlanganidek, kuchlarni birlashtirgandagina zamonamizning murakkab chaqiriqlariga samarali javob berish, Yevropa va Markaziy Osiyo o'rtasida mustahkam sheriklik munosabatlarini o'rnatish mumkin.

Ishtirokchilar 3-4-aprel kunlari Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" sammiti ikki mintaqa davlatlari o'rtasidagi munosabatlarda yangi bosqichni ochishi haqida yakdil fikr bildirdilar. Sammit doirasida birinchi Samarqand xalqaro iqlim forumi ham bo'lib o'tadi.

Tadbir davomida O'zbekiston Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi hamda Budapeshtning Korvinus universiteti o'rtasida ilmiy loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish