Logo

Rossiyadan munosabat: Italiya birinchi bo'lib Markaziy Osiyo davlatlari bilan tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasidagi uchrashuvlarni boshlab berdi

Iyun 03, 2025. 12:07 • 2 daq

86
Rossiyadan munosabat: Italiya birinchi bo'lib Markaziy Osiyo davlatlari bilan tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasidagi uchrashuvlarni boshlab berdi

MOSKVA, 3-iyun. /"Dunyo" AA/. Rossiya davlat gumanitar universiteti xalqaro munosabatlar kafedrasi dotsenti Yuriy Sigov "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 30-may kuni Ostona shahrida bo'lib o'tgan "Markaziy Osiyo – Italiya" sammitidagi nutqi haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Sammitda "yashil" iqtisodiyot, investitsiyalar, innovatsiyalar, fan va ta'lim sohalarida ko'p tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish ushbu uchrashuvda muhokama qilingan asosiy masala bo'ldi. Garchi Italiya, umuman olganda, so'nggi yillarda mintaqa davlatlari uchun iqtisodiy rivojlanish sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari qatoriga kiritilmagan bo'lsa-da, hozirda vaziyat sezilarli darajada o'zgara boshladi.

Avvalo, Italiya asosiy rollardan birini o'ynaydigan Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mintaqasida faol ishtirok etishga qaror qildi.

Yangi texnologiyalar, energetika sohasida o'zaro hamkorlik masalalari, ilmiy va ta'lim almashinuvi, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo'yicha qo'shma korxonalar tashkil etish – bularning barchasi Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari, ayniqsa, O'zbekiston uchun eng foydali hisoblanadi. Natijada o'zaro savdo sezilarli darajada o'sdi – o'tgan yili u 470 million dollardan oshdi.

Shuningdek, O'zbekiston Prezidentining 2023-yilda Rimga tashrifi arafasida u yerda yirik biznes-forumi bo'lib o'tganini eslatib o'tmoqchiman. Mazkur biznes-forum ilk bor ikki mamlakat ishbilarmonlariga o'zlari uchun muhim bo'lgan masalalarni bevosita hal etish, ishonchli hamkorlik aloqalarini o'rnatish imkonini berdi.

Bugungi kunda O'zbekistonda Italiya investitsiyasi ishtirokidagi 55 qo'shma korxona faoliyat ko'rsatmoqda va o'ylaymanki, Ostonada bo'lib o'tgan sammit mazkur formatdagi hamkorlikni faollashtirishga xizmat qiladi hamda italyan kompaniyalari uchun foydali rag'bat bo'ladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish