«Temur tuzuklari» ilk bor belorus tilida nashr etildi

Oktabr 12, 2026. 08:10 • 2 daq

• 479
«Temur tuzuklari» ilk bor belorus tilida nashr etildi

MINSK, 12-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Ulug‘ sarkarda va davlat arbobi, sohibqiron Amir Temurning mashhur «Temur tuzuklari» asari ilk bor belorus tilida nashr etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Ushbu nodir tarixiy manbaning belorus tilida chop etilishi O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi madaniy-adabiy aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi. Ushbu asar orqali belaruslik kitobxonlar yurtimiz tarixi, milliy qadriyatlari va boy ma’naviy merosidan bahramand bo‘ladi.

Asar belorus tilida so‘zlashuvchi o‘quvchilarga qadimiy tarix muhitiga sayohat qilish, o‘zbek davlatchiligi an’analari, boshqaruv tizimi, adolat va tartib tamoyillari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. «Temur tuzuklari»da aks etgan davlat boshqaruvi va jamiyat hayotiga oid qarashlar bugungi kunda ham tarixiy va ma’rifiy ahamiyatini saqlab kelmoqda.

Mazkur nashr tashabbuskorlari — Belarus davlat pedagogika universiteti vakillari kelgusida ham O‘zbekiston madaniyati va adabiyotiga oid muhim asarlarni belorus tiliga tarjima qilish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish niyatida. Xususan, Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Cho‘lpon kabi o‘zbek adabiyotining zabardast namoyandalari ijodini belorus kitobxonlariga yetkazishga qiziqish bildirdi.

Bu kabi tashabbuslar ikki xalqning adabiy-madaniy merosini keng targ‘ib qilish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish