Rim ko'p yillardan buyon O'zbekistonga mintaqadagi muhim davlat sifatida katta qiziqish bildirmoqda
May 30, 2025. 11:15 • 4 daq
• 67
RIM, 30-may. /"Dunyo" AA/. Italiyaning yetakchi bosma va elektron ommaviy axborot vositalari Bosh vazir Jorja Melonining O'zbekistonga tashrifi tafsilotlarini keng yoritmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Xususan, italyan tilidagi "Il Giornale" gazetasi, "Adnkronos" va "Nova News" elektron nashrlari hamda Italiyaning yetakchi axborot agentliklari va telekanallari tashrif tafsilotlari hamda uning doirasida o'tkazilgan oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar yakunlarini va erishilgan kelishuvlar haqidagi xabarlarni tezkorlik bilan keng jamoatchilik e'tiboriga taqdim etib bordi.
Ushbu mavzuga bag'ishlangan maqolalar va tahliliy sharhlarda Italiya Bosh vazirining O'zbekistonga tashrifi olqishlanar ekan, bu voqea ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda qo'shma dastur hamda loyihalarni amalga oshirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirilgan.
Jumladan, "Il Giornale" gazetasida bosilgan "Melonining O'zbekistonga tashrifi: Rim va Toshkent o'rtasidagi 500 million yevrolik strategik hamkorlikka yangi turtki" sarlavhali maqolada 28-30-may kunlariga mo'ljallangan O'zbekiston va Qozog'istonga tashrif muhim strategik ahamiyatga ega ekani, Italiyaning Markaziy Osiyo mintaqasiga qiziqishi ortib borayotgani qayd etilgan.
Nashrda ta'kidlanishicha, rasmiy Rim va Toshkent o'rtasidagi iqtisodiy aloqalar kun tartibining markazida. 2024-yilda ikki davlat o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 500 million yevroga yetdi. Bu raqamlar Italiya va O'zbekiston o'rtasidagi ikki tomonlama aloqalar faolligi va jadal rivojlanayotganini tasdiqlaydi. 2024-yil davomida Italiyaning O'zbekistonga kiritgan to'g'ridan-to'g'ri sarmoyasi o'tgan yilga nisbatan 160 foizga oshdi .
"Il Giornale" nashrining yozishicha, O'zbekistonda 55 dan ortiq italyan kompaniyasi, jumladan, energetika, metallurgiya, to'qimachilik va agrosanoat kabi muhim tarmoqlarda faoliyat yuritmoqda.
Italiya OAVga ko'ra, ushbu tashrif 2023-yil iyun oyida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rimda Prezident Serjo Mattarella va Bosh vazir Meloni bilan uchrashuvlar chog'ida qabul qilingan strategik sheriklik munosabatlaridagi navbatdagi qadam bo'ladi.
"O'shandan buyon ikki tomonlama munosabatlar sezilarli darajada faollashdi. O'sha yilning noyabr oyida Prezident Serjo Mattarella Toshkentda rasmiy tashrif bilan bo'lib, ikki davlat o'rtasidagi do'stlikni mustahkamlash bo'yicha oliy darajada muzokaralar o'tkazdi. Ushbu ikki tomonlama oliy darajadagi tashriflar natijasida o'n beshta hukumatlararo shartnoma imzolandi va ularni amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi",– deb urg'ulangan maqolada.
Tashrif arafasida "Il Giornale" gazetasi, shuningdek, "Italiya-O'zbekiston" savdo-sanoat palatasi prezidenti Jorjio Veronezi bilan suhbatni e'lon qildi.
Intervyu avvalida "Italiya – O'zbekiston" savdo-sanoat palatasi 2002-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgani va uning ofislari Milan va Toshkentda ochilgani ta'kidlangan. Palata rahbari intervyu davomida Italiya va O'zbekiston kompaniyalari o'rtasidagi hamkorlikning eng istiqbolli yo'nalishlarini sanab o'tgan. Ular orasida an'anaviy yo'nalishlardan tashqari, ko'plab Italiya kompaniyalari faol ishlayotgan neft va gaz, neft-kimyo, energetika va to'qimachilik sohalari ham bor. Bundan tashqari, muqobil energiya, tog'-kon sanoati, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika sohalarida ham katta imkoniyatlar mavjud.
"Palatamiz Italiya kompaniyalarini O'zbekistonga sarmoya kiritishga chaqirmoqda. Lekin O'zbekiston haqida haligacha kam ma'lumotga ega. Biz mamlakatning savdo-sanoat imkoniyatlari, shuningdek, e'tiborga olinishi lozim bo'lgan huquqiy, moliyaviy va shartnomaviy jihatlar kabi shartlar haqida aniq ma'lumotlarni taqdim etish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayapmiz", – deya qayd etgan Jorjio Veronezi.
Shuningdek, u O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli iqtisodiy islohotlarni baholar ekan, ular Italiya biznesi, xususan, savdo-sanoat kooperatsiyasi uchun yangi imkoniyatlar ochayotganiga urg'u bergan.
Italiyaning ommabop "Adnkronos" nashri esa "Italiya-O'zbekiston, Jorja Meloni Samarqandga tashrif buyurdi va O'zbekiston ko'chalarida Italiya bayrog'i hilpiramoqda" sarlavhali maqolani o'z o'quvchilari e'tiboriga taqdim qildi.
Qayd etilishicha, bir paytlar buyuk sulolalar poytaxti va Buyuk ipak yo'lidagi muhim savdo markazi bo'lgan Samarqand shahri hanuzgacha o'zining betakror tarixiy jozibasini saqlab kelmoqda. Muallif yozganidek, bugungi kunda Samarqand nafaqat O'zbekistonning madaniy durdonasi, balki 2001 yildan beri YUNESKOning Umumjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan. Bu uning jahon tarixi va me'morchiligiga qo'shgan beqiyos hissasi e'tirofidir.
"Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi O'zbekiston rahbarining 2023-yil iyun oyida Italiyaga rasmiy tashrifi chog'ida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomidir. O'shanda ikki davlat o'rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining boshlanishini ko'rsatuvchi Qo'shma deklaratsiya imzolangan edi. Tashrif chog'ida iqtisodiyot, ta'lim, turizm va madaniyat kabi sohalarni qamrab olgan ko'plab hukumatlararo bitimlar imzolandi", – deya urg'ulagan "Adnkronos" maqolasida.
"Nova News" nashrida joylashtirilgan materialda Italiya hukumati rahbarining O'zbekistonga deyarli o'ttiz yil ichida – 1997-yildan beri, o'sha paytdagi Bosh vazir Romano Prodi tashrifdan keyingi birinchi tashrifi ekanligi xabar qilingan.
Unda O'zbekiston mintaqadagi muhim davlat ekanligi, respublikaga ko'p yillardan buyon rasmiy Rim katta qiziqish bildirayotgani ta'kidlanadi. "Sharq va G'arb chorrahasida joylashgan ushbu mintaqa foydali qazilmalarga boy bo'lib, investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratadi, – deyilgan maqolada.
Nashrda 2024-yilda Italiya va O'zbekiston o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 455 million dollarni tashkil etgani, biroq ekspertlarning fikricha, iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha salohiyat to'liq ochilmagani alohida qayd etilgan.
"Italiyalik investorlar uchun eng istiqbolli tarmoqlar to'qimachilik, agrosanoat, metallga ishlov berish, shuningdek, energetika va tog'-kon sanoati, infratuzilma, transport, ipakchilik va turizmdir. Italiya kompaniyalari, shuningdek, Buxoro va Samarqand o'rtasidagi "Navoiy" zonasi kabi maxsus iqtisodiy zonalarga ham qiziqish bildirmoqda, bu yerda investorlarga soliq imtiyozlari va soddalashtirilgan ma'muriy tartib-qoidalar taklif etiladi", – deb yozgan "Nova News".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Kenji Hirata: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot