O'zbekiston-Fransiya: umumiy taraqqiyot va ravnaqqa erishish yo'lidagi hamkorlik
Mart 12, 2025. 09:48 • 7 daq
• 915
TOSHKENT, 12-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident Emmanuel Makronning taklifiga binoan kecha davlat tashrifi bilan Fransiyaga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Fransiya rivojlangan industrial-agrar mamlakat bo'lib, sanoat ishlab chiqarishi bo'yicha dunyoda yetakchi o'rinlardan birini egallaydi. Iqtisodiy salohiyat bo'yicha Fransiya dunyoning eng rivojlangan yetti davlati qatoriga kiradi. Bu yadroviy davlat va BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a'zosidan biri, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va xalqaro maydonda muhim rol o'ynaydi.
Fransiya O'zbekiston mustaqilligini 1992-yil 3-yanvarda tan olgan va mamlakatlarimiz o'rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil 1-martda o'rnatilgan. 1993-yil 27-oktyabrda "Do'stlik va hamkorlik to'g'risida"gi shartnoma imzolanishi bilan munosabatlarning keyingi dinamikasi mustahkamlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil oktyabr va 2022-yil noyabr oylarida Fransiyaga buyurgan rasmiy tashriflari, shuningdek, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning 2023-yil noyabr oyida mamlakatimizga tashrifi barcha sohalardagi siyosiy muloqot va hamkorlikni izchil rivojlantirishga yangi sur'at qo'shdi.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil noyabr oyida Parijga tashrifi chog'ida ikki davlat rahbarlari yuqori darajadagi har tomonlama sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga kelishib olgan edi.
O'zbekiston bilan Fransiya o'rtasidagi idoralararo darajadagi hamkorlik keng yo'nalishlarni qamrab oladi. 2023-yil 2-noyabr kuni ikki davlat rahbarlari ishtirokida ta'lim, madaniy meros va ichimlik suvi ta'minoti infratuzilmasini yaxshilash sohalariga oid bir qator kelishuvlar imzolandi.
Bundan tashqari, 2023-yil 2-noyabr kuni Samarqand shahrida bo'lib o'tgan tashrif chog'ida munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko'tarish niyati e'lon qilingan edi. "Yashil" energiya, xomashyo qazib olish va qayta ishlash, innovatsion qishloq xo'jaligi, suv ta'minoti, logistika, infratuzilmani rivojlantirish va turizm sohalarida yangi yirik loyihalarni ilgari surish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Parlamentlararo hamkorlik, delegatsiyalar almashinuvi, ikki mamlakat parlamentlaridagi do'stlik guruhlari faoliyati, parlamentlararo birlashmalar va ko'p tomonlama parlament tuzilmalari tomonidan tashkil etilayotgan xalqaro tadbirlarda ishtirok etish orqali izchil rivojlanmoqda. O'zbekiston va Fransiya parlamentariylarining o'zaro hamkorligi tajriba almashish, global va mintaqaviy muammolarni muhokama qilish, shuningdek, ko'p tomonlama darajadagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O'zbekiston va Fransiya Tashqi ishlar vazirliklari o'rtasida muntazam ravishda siyosiy maslahatlashuvlar o'tkazilmoqda, uning o'n beshinchi davrasi 2024-yil 27-may kuni bo'lib o'tdi. Unda ikki davlat diplomatlari O'zbekiston-Fransiya munosabatlarining bugungi holati, oliy darajadagi o'zaro tashriflar chog'ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish masalalarini muhokama qiladilar. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy muammolar, shuningdek, turli darajadagi bo'lajak qo'shma tadbirlar jadvali va kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.
O'zbekiston va Fransiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kabi xalqaro tuzilma va tashkilotlar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Har ikki tomon global va mintaqaviy darajada xavfsizlik, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga hissa qo'shish istagini yana bir bor tasdiqlaydi. Fransiya O'zbekistonning Markaziy Osiyoda ishonchni mustahkamlash, Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lish, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi yangi bitimni tezroq imzolash borasidagi sa'y-harakatlarini yana-da qo'llab-quvvatlashga tayyor.
Ikki davlat savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishdan o'zaro manfaatdor. O'zbekistonda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti va sarmoyaviy imkoniyatlar fransuz biznesi vakillarini tobora ko'proq jalb qilmoqda. O'z navbatida, O'zbekiston Fransiya texnologiyalarini jalb etish va sanoat va ishlab chiqarish sohalarida ilg'or tajribalardan foydalanish, o'zaro sayyohlik almashinuvini kengaytirishdan manfaatdor. O'zbekistonning Yevropa Ittifoqining "GSP+" imtiyozli tizimining benefitsiari maqomini olgani savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochdi. 2024-yilda o'zaro tovar ayirboshlash hajmi o'tgan yilga nisbatan qariyb 14 foizga oshib, qariyb 1,2 milliard dollarga yetdi. Bugungi kunda mamlakatimizda fransuz sheriklar ishtirokidagi 50 ta korxona, jumladan, 23 tasi 100 foiz fransuz kapitali bilan faoliyat yuritmoqda.
"Total Eren", "Veolia", "EDF", "Orano", "Lactalis", "Carrefour" va "Shiever" kabi jahon miqyosidagi kompaniyalar O'zbekistonda energetika, geologiya-qidiruv, oziq-ovqat sanoati va chakana savdo sohalarida faol ishlayapti. Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) O'zbekistonda shahar infratuzilmasi, "yashil iqtisodiyot", sanitariya, gidroenergetika va qishloq xo'jaligini rivojlantirish loyihalarida ishtirok etadi. 2022-yilning noyabr oyida FTA bilan 2023-2025-yillarga mo'ljallangan hamkorlik dasturi imzolangan bo'lib, u 1 milliard yevrolik loyihalarni amalga oshirishni ko'zda tutadi.
2023-yilning noyabr oyida Samarqandda va 2024-yil may oyida Parijda 60 nafar Fransiya kompaniyasi rahbarlari ishtirokida o'tkazilgan O'zbekiston-Fransiya biznes-forumlari hamda Fransiyaning "MEDEF Internasional" tadbirkorlik harakati bilan ikki tomonlama biznes-forumi, shuningdek, ular natijasida imzolangan kelishuvlar ishbilarmonlik hamkorligini kengaytirishdan o'zaro manfaatdorlik yuqori ekanligini yana bir bor tasdiqladi.
2024-yil 4-iyun kuni Parij shahrida 10-majlisi bo'lib o'tgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha hukumatlararo komissiya ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash va kengaytirishda muhim o'rin tutadi. Ushbu platformadagi muloqot hamkorlikning yangi o'zaro manfaatli yo'nalishlarini aniqlash, qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish imkonini beradi.
O'zbekiston va Fransiya madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga, ta'lim, fan va sog'liqni saqlash sohalarida hamkorlik qilishga intilmoqda, bu esa har ikki madaniyatni boyitish va xalqlar o'rtasidagi do'stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilayotir.
2022-yil noyabr oyida mashhur Luvr muzeyida O'zbekistonning boy madaniy merosiga bag'ishlangan "O'zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo'llari chorrahasida" ko'rgazmasining ochilishi madaniyat sohasidagi o'zbek-fransuz hamkorligi tarixidagi yorqin voqea bo'ldi. 2023 yilning martigacha davom etgan ko'rgazmada O'zbekistondagi 16 ta muzeydan 138 ta noyob ashyo, shuningdek, Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSHning yirik muzeylaridan 31 ta eksponat o'rin oldi. Ushbu ko'rgazma bilan bir vaqtda Arab dunyosi institutida "Samarqandga yo'l. Ipak va oltin moʻjizalari" ko'rgazmasi bo'lib o'tdi. Ushbu muvaffaqiyatli o'tkazilgan yirik madaniy tadbirlar Fransiya va xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholandi.
Shu bilan birga, 2023-yil sentyabr oyida "Abu Rayhon Beruniy. Geografik va intellektual sayohatlar" mavzusidagi ko'rgazma ham yevropaliklarning e'tiborini tortdi va O'zbekistonning ilmiy merosini yana bir karra keng targ'ib qilish imkonini berdi.
Ta'lim va fan sohasida, ayniqsa, O'zbekiston ta'lim muassasalarida fransuz tili va adabiyotini o'rganish borasida hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Ayni paytda mamlakatimizdagi 602 ta maktabda 141,3 ming nafardan ortiq o'quvchi, shuningdek, 11 ta oliy o'quv yurtida 15 ming talaba fransuz tilini o'rganmoqda.
2018-2023-yillarda ta'lim sohasida turizm, arxeologiya, dizayn va moda, fransuz filologiyasi, aviatsiya, inklyuziv ta'lim, biznesni boshqarish, energetika, siyosatshunoslik, aviatsiya va boshqa yo'nalishlarda 50 dan ortiq shartnoma va memorandumlar imzolangan.
2019-yilda Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat institutida Parij xalqaro moda akademiyasining qo'shma fakulteti ochildi. Buxoro davlat universitetida turizm va mehmondo'stlikni boshqarish bo'yicha "Vatel" biznes maktabining filiali ochildi, Toshkent davlat transport universitetida 3D modellashtirish bo'yicha O'zbekiston-Fransiya innovatsion markazi faoliyat ko'rsatmoqda. 2021-2022-o'quv yilidan boshlab Toshkent davlat transport universitetida Fransiya fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi bilan hamkorlikda fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash maktabi faoliyat yuritmoqda.
2023-yil noyabr oyida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning O'zbekistonga tashrifi doirasida Samarqand shahrida "Fransiya alyansi"ning ikkinchi filiali ochildi.
O'z navbatida, Sorbonna universiteti huzuridagi Milliy Sharq tillari va sivilizatsiyalari institutida o'zbek tili kurslari ochildi va u Fransiyada o'zbek madaniyatini targ'ib etishga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, keyingi yillarda Toshkent va Parijda ta'lim forumlari o'tkazildi. O'zbekistonga Fransiyaning Gavr-Normandiya universiteti, Parij-Saklay universiteti va "Parij Pantheon-Assas" universitetlari delegatsiyalari keldi.
Madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish doirasida Samarqand va Lion, Buxoro va Ruey-Malmezon shaharlari, Jizzax viloyatining Zomin tumani va Flyor shahri o'rtasida birodarlik aloqalari o'rnatildi.
Fransiya Tibbiyot akademiyasida Abu Ali ibn Sino byusti o'rnatilgan. Shuningdek, Ruey-Malmezon, Tuluza, Grets-Armenvil shaharlarida ikki davlat xalqlari o'rtasidagi do'stona munosabatlar timsoliga aylangan Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug'bek va Abu Rayhon Beruniy haykallari o'rnatildi va "O'zbek bog'lari" barpo etildi.
Ilmiy hamkorlik haqida so'z borganda, Temuriylar davri san'ati va tarixini o'rganish assotsiatsiyasi hamda "Avitsenna-Fransiya" uyushmasining Fransiyadagi faoliyatini alohida ta'kidlab o'tish joiz. Bu uyushmalar O'zbekiston madaniy va ilmiy merosini o'rganish hamda uni Fransiya jamoatchiligi orasida keng targ'ib qilishga katta hissa qo'shayotir.
Sog'liqni saqlash sohasidagi hamkorlik izchil kengaymoqda. 2022-yil mart oyida O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi Parij markaziy shifoxonalari tarmog'i "AP-HP" bilan shoshilinch tibbiy yordam, pediatriya, ginekologiya, gematologiya va onkologiya sohalarida hamkorlik to'g'risida memorandum imzoladi.
2023-yil sentyabr oyida O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi delegatsiyasi Parij shahrida bo'lib o'tgan "French Healthcare Innovation&Business Forum"da ishtirok etib, uning doirasida tibbiyot sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o'tkazdi va uning yakunlari bo'yicha tegishli shartnomalar imzoladi.
Fransiyada ham o'zbek sportining an'anaviy turi – milliy kurashga qiziqish juda yuqori. Xususan, 2022-2023-yillarda Parij shahrida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash bo'yicha ikkita xalqaro turnir o'tkazildi.
Muxtasar aytganda, bugungi kunda O'zbekiston-Fransiya munosabatlari jadal rivojlanib, siyosat va iqtisodiyotdan tortib, fan, madaniyat va ta'limgacha bo'lgan keng ko'lamli sohalarni qamrab olgan. Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga bo'lajak davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlik tarixidagi muhim voqea bo'lib, tashrif davomida ilgari suriladigan yangi tashabbus va imzolanadigan kelishuvlar ikki tomonlama sheriklikni yana-da yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Kenji Hirata: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot