O'zbekiston – Mo'g'uliston: tarixiy yaqinlik va strategik manfaatlarga asoslangan muloqot
Iyun 24, 2025. 07:17 • 6 daq
• 633
TOSHKЕNT, 24-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-25-iyun kunlari davlat tashrifi bilan Mo'g'ulistonda bo'ladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston va Mo'g'uliston o'rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 25-yanvarda o'rnatilgan. Shundan buyon ikki tomonlama muloqot izchil rivojlanib, do'stlik rishtalari, siyosiy hamjihatlikni mustahkamlash va ko'p tomonlama hamkorlikni kengaytirishdan o'zaro manfaatdor ekanini namoyon etmoqda.
O'tgan yillar davomida tomonlar suverenitetni hurmat qilish va o'zaro tenglik asosidagi barqaror munosabatlarni o'rnatdilar.
So'nggi yillarda O'zbekiston-Mo'g'uliston siyosiy muloqotining faollashgani kuzatilyapti. Mo'g'uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux 2022-yilda SHHT Samarqand sammitidagi ishtiroki doirasida O'zbekistonga tashrif buyurdi. O'zbekiston va Mo'g'uliston yetakchilari 2023 yil 1 dekabr kuni Dubay shahrida bo'lib o'tgan BMTning iqlim o'zgarishi bo'yicha konferensiyasi doirasida ham uchrashdilar.
Mo'g'uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning 2024-yil 23-26-iyun kunlari O'zbekistonga birinchi davlat tashrifi alohida ahamiyatga ega bo'ldi. Ikki davlat rahbarlarining samarali muzokaralari yakunlari bo'yicha Davlatlararo munosabatlar va hamkorlik to'g'risidagi Qo'shma bayonot, shuningdek, 14 ta hukumatlararo va boshqa hujjatlar imzolandi.
"Mo'g'uliston biz uchun Osiyo mintaqasidagi an’anaviy va ishonchli hamkordir. O'zbekiston-Mo'g'uliston munosabatlari do'stlik, o'zaro hurmat va qo'llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan bo'lib, kon’yunkturaga bog'liq emas", – dedi O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif doirasidagi tadbirlar chog'ida.
Bunday asos hukumatlar, parlamentlar va vazirliklar darajasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash uchun mustahkam poydevor bo'lib, mamlakatlarni bir-biriga yaqinlashtirish va hamkorlik sohalarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Shu tariqa, O'zbekiston Oliy Majlisi va Mo'g'uliston Davlat Buyuk Xuralida faoliyat yuritayotgan parlamentlararo do'stlik guruhlari faol tashriflar almashinuvi bilan ajralib turadigan konstruktiv muloqotni yo'lga qo'ydi.
Idoralararo hamkorlik mexanizmlari samarali ishlamoqda. Tashqi ishlar vazirliklari o'rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar ikki tomonlama va xalqaro kun tartibidagi masalalar bo'yicha o'zaro anglashuvni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida yondashuvlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, turli sohalarda hamkorlikni kengaytirish uchun barqaror huquqiy va institutsional asosni shakllantirishga xizmat qilyapti.
Bugungi kunga qadar ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o'rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 7 ta davrasi bo'lib o'tdi. So'nggi siyosiy maslahatlashuvlar 2024-yil 7-may kuni Ulan-Batorda tashkil etildi.
Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishda diplomatik vakolatxonalar faoliyati ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. O'zbekistonning Pekindagi elchixonasi bir vaqtning o'zida Mo'g'ulistonda ham akkreditatsiyadan o'tgan.
2024-yil 24-iyun kuni Mo'g'uliston Prezidentining O'zbekistonga tashrifi doirasida Mo'g'ulistonning Toshkentdagi elchixonasining rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Ushbu diplomatik kanallar ikki tomonlama tashriflar tashkil etish, siyosiy maslahatlashuvlar va turli sohalardagi bitimlar loyihalarini tayyorlashga yaqindan ko'maklashyapti.
O'zbekiston va Mo'g'uliston an’anaviy tarzda xalqaro maydonda bir-birini faol qo'llab-quvvatlab kelmoqda. Bu, ayniqsa, BMT, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti (Mo'g'uliston kuzatuvchi maqomiga ega), shuningdek, ikki davlat Sharq va G'arb o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash imkoniyatlarini ko'rayotgan Osiyo-Yevropa muloqoti (ASЕM) kabi tashkilotlar doirasida yaqqol ko'zga tashlanadi.
Mo'g'uliston O'zbekistonning Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish, mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash va aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro maydondagi tashabbuslarini bir necha bor diplomatik qo'llab-quvvatlab kelgan. O'z navbatida, O'zbekiston Mo'g'ulistonning barqaror energiya yechimlarini ilgari surish, atrof-muhitni muhofaza qilish va cho'l ekotizimlarini saqlash borasidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etgan.
Mo'g'ulistonning O'zbekiston muhim geografik va iqtisodiy mavqega ega bo'lgan Markaziy Osiyo bilan mintaqaviy hamkorlikka qiziqishi ortib borayotgani sir emas. O'zbekiston, o'z navbatida, Mo'g'ulistonni Shimoliy-Sharqiy Osiyo bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda muhim sherik sifatida biladi.
O'zbekiston va Mo'g'uliston o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlik hali o'zining to'liq salohiyatini namoyon etgani yo'q desak mubolag'a bo'lmaydi. Eng asosiysi har ikki tomon ham uni faollashtirishdan manfaatdor ekanini ko'rsatmoqda. Mo'g'uliston O'zbekistonga mintaqadagi muhim savdo-iqtisodiy sherik sifatida qaraydi. O'zaro tovar ayirboshlash ko'rsatkichlari barqaror o'sib bormoqda, bu natija har yili o'rtacha 30 foizga oshayotgani shundan dalolat beradi.
Har ikki davlat ham muhim xomashyo, energetika va qishloq xo'jaligi sohasidagi yuqori salohiyatga ega va mamlakatlarimiz iqtisodiyoti bir-birini to'ldiruvchi bo'lishi mumkin. Energetika, jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalari va energiya tejaydigan texnologiyalar yo'nalishida hamkorlik ayniqsa, istiqbolli deb hisoblanadi.
Bugungi kunda O'zbekistonda ushbu mamlakat bilan savdo va xizmat ko'rsatish sohalarida 17 ta qo'shma korxona tashkil etilgan. Ularning 12 tasi 100 foiz Mo'g'uliston kapitali bilan faoliyat yurityapti.
Tomonlar qo'shma korxonalar tashkil etish, savdo missiyalarini rivojlantirish, yarmarkalar, biznes-forumlar va investitsiyaviy konferensiyalarda ishtirok etish imkoniyatlarini doimiy tarzda ko'rib chiqyapti. 2024-yil iyun oyida Mo'g'uliston va O'zbekistonda savdo uylarining ochilishi, ikki davlat poytaxtlarida sanoat ko'rgazmalari o'tkazilishi e’lon qilindi.
Ayrim turdagi tovarlar bilan Imtiyozli savdo to'g'risidagi bitimni tayyorlash bo'yicha erishilgan kelishuv va bozorga kirishni osonlashtirish bo'yicha takliflar savdo-iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirishga qo'shimcha turtki bo'ladi.
2024-yilning 24 iyun kuni Toshkent shahrida Prezident Uxnaagiyn Xurelsuxning O'zbekistonga davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat rahbarlari ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuv o'tkazdilar.
"Biz mavjud salohiyat va imkoniyatlardan deyarli foydalanmayotganimizni ta’kidladik. Shu munosabat bilan yaqin yillarda o'zaro savdoni, eng avvalo, xaridorgir mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish orqali karrasiga oshirish vazifasini qo'ydik,", – dedi O'zbekiston Prezidenti uchrashuvda.
Mo'g'uliston delegatsiyalarining O'zbekistonda an’anaviy Toshkent xalqaro investitsiya forumi va boshqa ishbilarmonlik tadbirlarida ishtirok etishi bu boradagi ijobiy qadam bo'ldi.
O'zbekiston va Mo'g'uliston o'rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik chuqur tarixiy rishtalarga asoslanadi. Turkiy va mo'g'ul xalqlari asrlar davomida Markaziy Yevroosiyo dashtlaridan vujudga kelgan yagona etnik-madaniy va geosiyosiy makonda yashab kelgan. Bu xalqlarni ko'chmanchi madaniyatning umumiy namunalari, o'xshash ijtimoiy tuzilmalar, lisoniy va mifologik unsurlar, an’analar, tarix va tabiatga chuqur hurmat birlashtirib turadi.
Hozirgi O'zbekiston va Mo'g'uliston hududida vujudga kelgan buyuk sulolalar — Hunlar davlatidan Chingizxon va Temuriylargacha bo'lgan davr nafaqat Yevroosiyoning tarixiy taqdirini belgilab berdi, balki bir-biriga ma’muriy madaniyat, san’at, diplomatiya, harbiy strategiya bo'yicha bilimlarni uzatdi.
O'zbekiston va Mo'g'uliston Sharqning eng muhim madaniy va ilmiy an’analari – Buyuk ipak yo'lidan tortib, yozma va ma’naviy yodgorliklari egalaridir. Mo'g'ulistonda Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va madaniyatiga oid ko'plab qadimiy yozma manbalar mavjud. Ular O'zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik va qo'lyozmalar institutlarida qiziqish uyg'otmoqda. Arxeologiya, muzey ishi, restavratsiya va turizm sohasidagi hamkorlik qo'shma loyihalar, ilmiy ekspeditsiyalar, ko'rgazmalar va ta’lim dasturlari uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Xususan, 2023-yil okyabr oyida Jaloliddin Manguberdi jamg'armasi vakillari turkiy tillar, jumladan, o'zbek tilining o'zagi bo'lgan O'rxun-Enasoy bitiklari bilan bog'liq videomateriallar tayyorlash maqsadida ilmiy-amaliy safar bilan Mo'g'ulistonga bordi.
Bugungi kunda ikkala tomon ham talabalar almashinuvi, akademik aloqalar, tarix, til va madaniyatni o'rganish bo'yicha dasturlarni rivojlantirmoqda. Turkologiya va sharqshunoslik markazlarini rivojlantirish istiqbolli yo'nalish bo'lib, Mo'g'uliston va O'zbekiston tajribasi ilm-fan va ta’lim sohalarini o'zaro boyityapti.
Bundan tashqari, milliy madaniyat tashkilotlari ko'magida Madaniyat kunlari, gastrol safarlari, kinofestivallar, anjumanlar, ijodiy forumlar muntazam o'tkazilyapti va ular gumanitar muloqotlar asosini tashkil etayotir.
2024-yil iyun oyida Toshkentda O'zbekiston davlat akademik xalq cholg'u asboblari orkestri va Mo'g'uliston filarmonik orkestrining "Morin Xuur" qo'shma konserti bo'lib o'tdi. Mazkur mo'g'ul musiqiy guruhi II Xalqaro maqom san’ati forumida ham ishtirok etdi.
O'z navbatida, o'tgan yilning noyabr oyida Mo'g'uliston Madaniyat vazirligi ko'magida Mo'g'uliston filarmoniyasida o'zbek xalqining ma’naviy-madaniy merosi taqdimoti tashkil etildi.
Bir so'z bilan aytganda, O'zbekiston va Mo'g'uliston o'rtasidagi munosabatlar hurmat, o'zaro manfaatdorlik va tarixiy yaqinlikka asoslangan. Har ikki davlat ham ikki tomonlama, ham ko'p tomonlama shakllarda yanada faol hamkorlikka intilishlarini namoyish etmoqda. O'zbekiston va Mo'g'uliston siyosiy iroda, mustahkamlangan iqtisodiy hamda gumanitar aloqalar bilan ikki tomonlama sheriklikni Markaziy va Sharqiy Osiyodagi barqaror hamda o'zaro manfaatli tarzda rivojlanish vektoriga aylantirishga qodir.
Shu nuqtayi nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Mo'g'ulistonga bo'lajak davlat tashrifi bu jarayonga kuchli sur’at bag'ishlab, mamlakatlarimiz xalqlari o'rtasidagi tarixiy do'stlik rishtalarini mustahkamlash va o'zbek-mo'g'ul hamkorligi tarixida yangi sahifa ochishi shubhasiz.
O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Kenji Hirata: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot