O'zbekiston – BMT: barqaror taraqqiyot yo'lidagi hamkorlik
Sentabr 20, 2025. 09:28 • 7 daq
• 523
TOSHKЕNT, 20-sentabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-24-sentabr kunlari Nyu-York shahrida bo'lib o'tadigan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etadi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston 1992 yil 2 martda BMTga to'la huquqli a’zo bo'ldi. Bu qadam yosh mustaqil respublika nafaqat barcha xalqaro jarayonlarda faol ishtirok etishga, balki o'z tashqi siyosatini xalqaro huquq va BMT Nizomiga hurmat tamoyillariga asoslashga tayyor ekanligining asosiy tasdig'i bo'ldi.
O'shandan beri o'ttiz yildan ko'proq vaqt o'tdi va shu davr ichida Toshkent takliflari xalqaro maydonda keng aks-sado berayotgan faol global tashabbuslardan biriga aylandi.
BMTdagi ishtirok O'zbekiston mustaqilligini mustahkamlash, uning suvereniteti xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishini ta’minlash, barcha davlatlar bilan teng huquqli muloqot uchun zamin yaratishda muhim omil bo'layapti. 1993 yilda Toshkentda BMT vakolatxonasining ochilishi hamkorlikning uzoq muddatli xarakterini mustahkamlagan yana bir muhim voqea sifatida tarixga kirdi.
O'zbekistonning BMT doirasidagi ustuvor yo'nalishlari dastlab xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, zamonaviy chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurashish, barqaror rivojlanishga ko'maklashish, ekologik muammolarni hal etishdan iborat. Global ekologik halokatga aylangan Orol dengizi inqiroziga alohida e’tibor qaratildi.
O'zbekiston Orolbo'yi bo'yicha qator tashabbuslarni ilgari surgani bejiz emas, ular xalqaro hamjamiyat tomonidan qo'llab-quvvatlandi. Xususan, 2018 yilda BMT shafeligida Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondi tashkil etildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish O'zbekistonga ikki marta – 2017 yil iyun va 2024 yil iyul oylarida tashrif buyurdi. Tashriflar Toshkentning global muammolarni muhokama qilish maydoni sifatidagi roli ortib borayotganini tasdiqladi.
2024 yil iyul oyida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tashrifi chog'ida shunday degan edi: "O'zbekiston tinchlik va xavfsizlik, inson huquqlari, iqlim va barqaror rivojlanish kabi barcha sohalarda bizning ishonchli hamkorimizdir. Mamlakat BMTning ko'p tomonlama kun tartibini ilgari surishda oldingi o'rinlarda turadi". Bunday yuksak baho O'zbekiston bilan BMT o'rtasidagi aloqalar mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashdan tortib, global Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishgacha har tomonlama faollashganini tasdiqlaydi.
2024 yilda Antoniu Guterrish jahonda hamjihatlik va birdamlikni faol ilgari surish, tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek, mamlakat va BMT o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun O'zbekistonning oliy davlat mukofotlaridan biri — oliy darajali "Do'stlik" ordeni bilan taqdirlandi.
O'zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasi sessiyalarida muntazam ravishda nutq so'zlaydi. Uning 72-, 75-, 76- va 78-sessiyalardagi nutqlari mintaqaviy xavfsizlik, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish, inson huquqlarini himoya qilish va sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan muhim siyosiy bayonotlarga aylandi.
O'zbekiston delegatsiyasining qator xalqaro forumlar, jumladan, 2025 yilda Turkmanistonda bo'lib o'tgan Dengizga chiqish imkoni bo'lmagan rivojlanayotgan davlatlar bo'yicha BMT konferensiyasidagi ishtiroki ham muhim ahamiyatga ega bo'ldi. Bu tadbirlar nafaqat O'zbekistonning faol ishtirokini, balki mintaqa va butun xalqaro hamjamiyat manfaatlariga xizmat qiladigan takliflar kiritishga tayyorligini ham ko'rsatdi.
2018 yildan 2025 yilgacha O'zbekiston BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi tashabbuskori bo'ldi. Ular mintaqaviy xavfsizlikdan barqaror turizm va ekologik muammolargacha bo'lgan keng doiradagi mavzularni qamrab oladi.
"Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo'yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash" (2018 yil), "Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to'g'risida" (2021yil), "Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to'g'risidagi " (2022) va "O'rmonlarni o'stirish va qayta tiklash bo'yicha harakatlar o'n yilligi" (2025) rezolyutsiyalari shular jumlasidandir.
Ushbu tashabbuslarning har biri Toshkentning xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan g'oyalar generatori bo'lishga intilishini namoyish etdi. Xususan, Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida e’tirof etish g'oyasi global ekologik halokatga e’tiborni qaratish va xalqaro hamkorlikning yangi mexanizmlarini yaratishga xizmat qildi.
Bundan tashqari, O'zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan "Pandemiya davridagi davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to'g'risida"gi kodeks O'zbekistonning COVID-19ga qarshi global kurashga qo'shgan hissasi sifatida BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjati o'laroq tarqatildi. E’tiborlisi, ushbu tashabbus inqiroz davrida global birdamlikning muhimligini ta’kidladi.
O'zbekiston mintaqada birinchilardan bo'lib BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) milliy strategik hujjatlarga kiritdi. 2018 yilda BRMlar bo'yicha Milliy muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi, 2020 yilga kelib esa mamlakat sharoitlariga moslashtirilgan 125 ta ko'rsatkichdan iborat keng qamrovli milliy ro'yxat tasdiqlandi.
Joriy yilda O'zbekiston BRM global indeksida 19 pog'onaga ko'tarildi va dunyodagi eng tez rivojlanayotgan beshta davlat qatoriga kirib, mintaqada yetakchiga aylandi.
2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida va 2030 yilga qadar Milliy rivojlanish konsepsiyasida BMTning kambag'allikka barham berish, sifatli ta’lim, gender tengligi, sog'liqni saqlash, atrof-muhitni boshqarish va raqamli transformatsiya kabi global maqsadlariga mos keladigan ustuvor vazifalar belgilangan.
BMT agentliklari bilan hamkorlikda O'zbekiston bir qator amaliy natijalarga erishdi. Xususan, 2022-2024 yillarda kambag'allik darajasi 17 foizdan 8,9 foizga tushib, mintaqadagi eng dinamik ko'rsatkichlardan biriga aylandi. YUNICЕF, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan qo'llab-quvvatlangan Ijtimoiy to'lovlarning yagona reyestrining joriy etilishi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qamrab olish darajasini ikki baravar, ya’ni 600 mingdan 1,2 million kishiga oshirdi. YUNICЕF va Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti dasturlari bolalarni emlash darajasini oshirishga va maktab tizimini modernizatsiya qilishga yordam berdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) va BMTTDning Orolbo'yi mintaqasida o'rmonlarni qayta tiklash bo'yicha loyihalari mintaqaning "ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi" maqomini mustahkamladi.
Ayni paytda mamlakatimizda BMTning ko'plab agentliklari, jumladan, BMTTD, YUNICЕF, FAO, XMT, YUNЕSKO, Qochqinlar bo'yicha oliy komissari boshqarmasi va boshqalar faoliyat yuritmoqda. Ular birgalikda 2021–2025 yillarga mo'ljallangan Barqaror rivojlanish bo'yicha hamkorlik asoslari doirasida umumiy qiymati 293 million dollardan ortiq bo'lgan 166 ta loyihani amalga oshiryapti.
So'nggi yillarda O'zbekistonga YUNЕSKO Bosh direktori Odri Azuledan tortib, YUNICЕF ijrochi direktori Ketrin Rassel va Jahon intellektual mulk tashkiloti bosh direktori Daren Tanggacha bo'lgan BMT agentliklarining o'nlab rahbarlari tashrif buyurdi. Bu tashriflar global muammolarni muhokama qilish uchun muhim maydonga aylanib borayotgan mamlakatga qiziqish ortib borayotganining tasdig'idir.
2023 yilda Samarqandda Jahon turizm tashkiloti (YUHVTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi, 2025 yilda esa Davlat xizmatlari forumi bo'lib o'tdi.
2024 yilda Samarqandda o'tkazilgan BMTning Davlat xizmati forumi va "BMT-ayollar" tuzilmasi bilan hamkorlikda o'tkazilgan Osiyo xotin-qizlari forumi O'zbekistonning muhim xalqaro tashabbuslar markazi sifatidagi roli ortib borayotganining yorqin namunasi bo'ldi.
Joriy yilning may oyida Toshkentda "BMT-ayollar" tuzilmasi vakolatxonasining rasmiy ochilishida O'zbekistonning gender tengligini ta’minlash va xotin-qizlar huquqlarini kengaytirish borasida erishgan yutuqlari e’tirof etildi.
2025 yilda Termiz shahridagi Xalqaro transport va logistika markazi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo'yicha Oliy komissari boshqarmasining global ta’minot zanjiriga integratsiya qilinib, mamlakatning gumanitar jarayonlardagi rolini kuchaytirdi.
Mamlakatimizning BMT institutlari bilan hamkorligidagi muhim bosqich O'zbekistonning 2021–2023 yillar uchun Inson huquqlari bo'yicha kengashiga saylangani bo'ldi. Ushbu voqea mamlakatning inson huquqlarini himoya qilish va milliy institutlarni isloh qilish borasidagi sa’y-harakatlari e’tirofini mustahkamladi.
Bundan tashqari, O'zbekiston BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (EKOSOS, 2025–2027), XMT boshqaruv organi (2024–2027), Inson huquqlari qo'mitasi (2025–2028), BMT Statistik komissiyasi (2026–2029) va YUNЕSKOning nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo'yicha hukumatlararo qo'mitasiga a’zo bo'ldi.
Rasmiy Toshkent hozirdanoq BMT Xavfsizlik kengashining 2035–2036 yillar uchun doimiy bo'lmagan a’zoligiga o'z nomzodini faol ilgari surmoqda, bu esa xalqaro diplomatiya rivojida yangi bosqich bo'ladi.
2025 yil oktyabr-noyabr oylarida Samarqand shahrida YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi bo'lib o'tadi. Bu voqea nafaqat O'zbekiston, balki butun xalqaro tashkilot tarixiga muhim voqea bo'lib kiradi. Ya’ni 40 yil ichida birinchi marta YUNЕSKO Bosh konferensiyasi tashkilotning an’anaviy bosh qarorgohi – Parijdan tashqarida o'tadi. Bunday keng ko'lamli forumni o'tkazish joyi sifatida Samarqandning tanlangani bejiz emas. YUNЕSKOning Umumjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan ushbu qadimiy shahar Sharq va G'arbni birlashtirgan madaniyat va sivilizatsiyalar chorrahasi o'laroq, shuhrat qozongan. O'zbekiston uchun ushbu qaror mamlakatning madaniy merosini asrab-avaylash, fan, ta’lim va madaniyat sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini e’tirof etilishidir. Shuningdek, bu mamlakatning xalqaro maydonda ishonchi yuksakligidan dalolat beradi.
Bularning barchasi O'zbekiston xalqaro jarayonlarning markaziga aylanganini tasdiqlaydi.
BMT bilan o'ttiz yillik hamkorlikda O'zbekiston xalqaro hamjamiyatning yosh a’zosidan global yechimlarning faol tashabbuskorlaridan biriga aylandi. Bugungi kunda mamlakat nafaqat tashkilot maqsadlarini amalga oshirishda ishtirok etadi, balki iqlim o'zgarishiga qarshi kurashishdan tortib, sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqotni rag'batlantirishgacha bo'lgan tegishli kun tartibini shakllantirishga ham tashabbus ko'rsatmoqda.
Rasmiy Toshkent uchun BMT ko'p tomonlama diplomatiya uchun eng muhim platforma bo'lib qolmoqda. O'zbekiston esa xalqaro hamjamiyat uchun tashabbuslari va amaliy qadamlari xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanish va inson huquqlarini himoya qilish borasida real ahamiyat kasb etayotgan ishonchli sherikka aylanmoqda.
Xulosa o'rnida ta’kidlash joizki, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida ishtiroki mamlakatimizning ko'p tomonlama muloqotni mustahkamlash va global tashabbuslarni ilgari surish borasidagi strategik yo'nalishini yana bir karra ta’kidlash borasida muhim voqea bo'ladi. Bu ishtirok, shuningdek, O'zbekistonning xalqaro g'oyalar tashabbuskori sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi va XXI asrning umumbashariy kun tartibini shakllantirishdagi muhim rolini tasdiqlaydi.
O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari