Logo

O'zbekiston-Slovakiya: yangi imkoniyatlar asosidagi ikki tomonlama izchil muloqot

Iyun 09, 2025. 00:45 • 5 daq

694
O'zbekiston-Slovakiya: yangi imkoniyatlar asosidagi ikki tomonlama izchil muloqot

TOSHKЕNT, 9-iyun. /"Dunyo" AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso 8-10-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan O'zbekistonda bo'ladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston va Slovakiya o'rtasida diplomatik munosabatlar 1993-yil 1-yanvarda o'rnatilgan. O'zbekiston va Slovakiya o'rtasidagi aloqalar uzoq vaqtdan beri yirik formatlar soyasida qolib ketganiga qaramay, bugungi kunda muloqotni institutsionallashtirish va tartibga solish borasida izchil rivojlanish kuzatilmoqda. O'zbekiston tashqi siyosati strategiyasining faollashuvi va Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga qiziqishi ortib borayotgani fonida rasmiy Toshkent va Bratislava o'rtasidagi munosabatlar yangicha sur’at oldi.

Xalqaro maydonda mamlakatlar BMT, YXHT, Yevropa kengashi, shuningdek, global barqaror rivojlanish kun tartibi bilan bog'liq tuzilmalar doirasida hamkorlik qiladi. Slovakiya an’anaviy tarzda O'zbekistonning Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, suv va atrof-muhit sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslarini, shuningdek, ta’lim va gender tengligi sohasidagi loyihalarini qo'llab-quvvatlaydi.

Jumladan, BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi doirasida Slovakiya O'zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha rezolyutsiyani qo'llab-quvvatladi. O'z navbatida, O'zbekiston Slovakiyaning YXHT doirasidagi sa’y – harakatlarini, jumladan, rasmiy Toshkent tashqi siyosati ustuvorliklariga mos keladigan mavzular – transparentlik, qonun ustuvorligi va madaniyatlararo muloqotga alohida e’tibor qaratilgan 2019-yildagi raisligini yuqori baholadi.

Parlamentlararo muloqot ham izchil rivojlanmoqda. 2023-yil aprel oyida Slovakiya Milliy kengashi raisi Boris Kollar boshchiligidagi delegatsiyasi O'zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi hamda Vazirlar Mahkamasida uchrashuvlar o'tkazildi. 

2025-yil mart oyida Oliy Majlisda Slovakiya Milliy kengashi bilan hamkorlik bo'yicha 13 nafar parlamentariydan iborat parlamentlararo guruh tuzildi. Slovakiya parlamentida ham O'zbekiston Oliy Majlisi bilan hamkorlik bo'yicha ana shunday guruh faoliyat ko'rsatmoqda.

Ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o'rtasidagi faol muloqot turli sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratyapti.

Ikki davlat TIV rahbarlari Toshkentda, shuningdek, yirik xalqaro tadbirlar doirasida bir necha bor uchrashuv o'tkazdi. Tomonlar muntazam ravishda tashqi ishlar vazirliklariaro siyosiy maslahatlashuvlarni o'tkazib, ikki tomonlama kun tartibini va xalqaro tashkilotlar doirasidagi sheriklikni muvofiqlashtirish masalalarini muhokama qiladilar. Bunday maslahatlashuvlarning beshinchi raundi 2025-yil 14-yanvarda Toshkent shahrida bo'lib o'tdi. 

O'zbekiston va YI o'rtasidagi Sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitimga muvofiq, ikki davlat o'rtasidagi savdoda eng qulay rejim o'rnatilgan. O'zaro savdo hajmi kam bo'lishiga qaramay, har ikki davlat barqaror iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor. Xususan, mashinasozlik, farmatsevtika, energetika, telekommunikatsiyalar, axborot texnologiyalari, qishloq xo'jaligi va boshqa sohalar o'zaro hamkorlik uchun  istiqbolli yo'nalishlar sifatida ko'rilmoqda.

Iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish istiqbollari O'zbekiston delegatsiyasining 2023 yil avgust oyida Slovakiyaga tashrifi davomida ham tasdiqlandi. O'zbekiston-Slovakiya biznes-forumi, shuningdek, Slovakiya Iqtisodiyot vazirligi Davlat kotibi Peter Shves, Slovakiya Investitsiyalar va savdoni rivojlantirish agentligi bosh direktori Robert Shimonchich, Savdo-sanoat palatasi raisi Peter Mixok hamda yirik slovak kompaniyalari rahbarlari o'rtasidagi uchrashuvlar juda samarali kechdi va ular ikki davlat ishbilarmon doiralarining yaqinlashuviga turtki bo'ldi.

Slovakiya kompaniyalari O'zbekistonni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo'yicha MDH mamlakatlariga chiqish imkoniyatiga ega salohiyatli bozor deb biladi. O'z navbatida, o'zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar Slovakiyadan texnologik yechimlar va sarmoyalarni jalb qilishdan manfaatdor.

Bugungi kunda O'zbekistonda Slovakiya kapitali ishtirokida oltita, shu jumladan, 100 foiz xorijiy sarmoya ishtirokidagi to'rtta korxona faoliyat yuritmoqda. Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni tartibga soluvchi mexanizm avval Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Slovakiya hukumatlararo komissiyasi (HK) edi. Bugungi kunga qadar HKning uchta yig'ilishi o'tkazilgan.

Uzoq tanaffusdan so'ng joriy yilning 5-may kuni Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik bo'yicha hukumatlararo komissiyaning birinchi majlisi bo'lib o'tdi.

Ta’kidlash joizki, Slovakiya hukumati rahbari Robert Fitso va ushbu mamlakat ishbilarmon doiralari delegatsiyasi mamlakatimiz poytaxtida bo'lib o'tadigan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etadi. Iqtisodiyot va investitsiyaviy sohalardagi aloqalarni chuqurlashtirishga qaratilgan siyosiy irodaning bunday yorqin ifodasi o'z samarasini berib, barqaror va o'zaro manfaatli iqtisodiy sheriklikni o'rnatishga xizmat qilishi shubhasiz.

Ta’kidlash joizki, ikki davlat ham transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor. Slovakiya Transkaspiy yo'nalishi va "Global Gateway" tashabbusi doirasida O'zbekiston eksporti uchun muhim markazga aylanishi mumkin. 

O'zbekistonning ochiqlik siyosati doirasida Slovakiya fuqarolari uchun biznes va turistik almashinuvni kengaytirish maqsadida 2019 yildan boshlab 30 kungacha bo'lgan muddatga vizasiz kirish tartibi amal qilyapti.

So'nggi paytlarda migratsiya sohasi o'zaro hamkorlikning yangi yo'nalishlaridan biriga aylandi. Jumladan, joriy yilning 3-6-mart kunlari O'zbekiston Migratsiya agentligi delegatsiyasi ishchi tashrif bilan Slovakiyada bo'ldi. Tashrif doirasida ushbu mamlakat Ta’lim vazirligida uchrashuv va Slovakiya Iqtisodiyot vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida O'zbekiston-Slovakiya forumi bo'lib o'tdi. Delegatsiya a’zolari rekruting kompaniyalari bilan ham uchrashuvlar o'tkazdi, uning yakunlari bo'yicha Slovakiya Ish beruvchilar federatsiyasi va Kadrlar agentliklari assotsiatsiyasi bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi.

1997-yil noyabr oyida imzolangan O'zbekiston va Slovakiya o'rtasidagi madaniyat va san’at sohasida hamkorlik to'g'risidagi bitimga asosan madaniyat yo'nalishida delegatsiyalar almashilmoqda. Shuningdek, O'zbekiston va Slovakiya delegatlari ikki davlatda tashkil etilayotgan xalqaro madaniy tadbirlarda muntazam ishtirok etyapti.

2014-2015-o'quv yilidan boshlab Slovakiya hukumati O'zbekistonni ushbu mamlakat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish uchun stipendiya oluvchi davlatlar qatoriga kiritdi. Ushbu dasturda talabalar, yosh tadqiqotchilar, O'zbekiston ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari ishtirok etishi mumkin.

Ikki mamlakatda tashkil etilayotgan kino kunlari va konsertlar madaniyatlararo muloqotni yanada yaqinlashtirish hamda mustahkamlashga xizmat qilyapti.

Xulosa o'rnida aytish mumkinki, yuqori salohiyatga ega O'zbekiston-Slovakiya munosabatlari ijobiy dinamikani namoyon etish va o'zaro manfaatli zamonaviy davlatlararo muloqotning yorqin namunasi bo'lishga barcha asoslar bor. Shu nuqtayi nazardan, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitsoning O'zbekistonga bo'lajak tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirish va strategik sheriklik darajasiga ko'tarishga kuchli turtki beradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish