Logo

Ulan-Batorda "O'zbekiston – 2030" strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag'ishlangan maxsus taqdimot bo'lib o'tdi

Iyun 21, 2025. 08:00 • 3 daq

92
Ulan-Batorda "O'zbekiston – 2030" strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag'ishlangan maxsus taqdimot bo'lib o'tdi

ULAN-BATOR, 20-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi (qarorgohi Pekin shahrida joylashgan) tomonidan "Taraqqiyot strategiyasi" markazi bilan birgalikda Mo'g'uliston poytaxtidagi Dengizga chiqish imkoniyati bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar xalqaro tahliliy markazida "O'zbekiston-2030" strategiyasining taqdimoti o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Mo'g'ulistonning yetakchi ilmiy, akademik, ekspert-tahlil markazlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig'ilganlar "O'zbekiston-2030" strategiyasining asosiy mazmun-mohiyati va ahamiyati, unda belgilangan maqsad hamda vazifalar bilan atroflicha tanishtirildi.

Ma'ruzalarda ushbu strategiya kelgusi 7 yilda mamlakatni rivojlantirishning asosiy barqaror yo'nalishlarini belgilab beradigan muhim hujjat sifatida, 5 ta asosiy yo'nalishda 100 ta maqsadni amalga oshirishga qaratilgani ta'kidlandi.

Strategiya mamlakatimizni barqaror va inklyuziv o'sishni ta'minlash, aholi farovonligini oshirish, o'rtacha daromaddan yuqori bo'lgan davlatlar qatoriga qo'shishga qaratilgan uzoq muddatli rivojlanish dasturi ekanligi qayd etildi. Unda iqtisodiyotni rivojlantirish, ijtimoiy soha, ta'lim, sog'liqni saqlash va boshqa muhim jihatlarni qamrab oluvchi qator ulkan maqsad va vazifalar belgilangan.

Shuningdek, ishtirokchilarga "O'zbekiston – 2030" strategiyasining maqsad va vazifalarini amalga oshirish doirasida O'zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqida ham so'zlab berildi.

Dengizga chiqish imkoniyati bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar xalqaro tahliliy markazi direktori Damdin-Od Dulgun o'z nutqida taqdimot katta ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladi. Uning aytishicha, "O'zbekiston – 2030" strategiyasi oltita asosiy ustuvor yo'nalishni o'z ichiga oladi. Xususan, barqaror iqtisodiy o'sish orqali har bir insonning salohiyatini rivojlantirish, aholi farovonligini ta'minlashga xizmat qiladi. U atrof-muhit va suv resurslarini muhofaza qilish, shuningdek, davlat boshqaruvini xalqqa xizmat qilish uchun tashkil etishga qaratilgan. Hukumat asosiy e'tiborni xavfsiz va tinch davlat tamoyillariga asoslangan siyosatni izchil amalga oshirishga qaratadi.

Damdin-Od Dulgun, Dengizga chiqish imkoniyati bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar xalqaro tahliliy markazi direktori:

– Bugun O'zbekiston elchixonasi va "Taraqqiyot strategiyasi" markazi bilan birgalikda "O'zbekiston-2030" strategiyasiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazdik. Bugungi tadbir orqali, shubhasiz, mamlakatingizni rivojlantirishga qaratilgan muhim davlat dasturi bo'lgan ushbu strategiyaning maqsadlari bilan tanishishga musharraf bo'ldik.

Markazimiz O'zbekiston tahlil institutlari va markazlari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o'rnatgan. Dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo'lmagan mamlakatlar uchun transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, infratuzilma, avtomobil va temir yo'llarni qurish juda muhim. Bunday loyihalarni qo'llab-quvvatlash uchun hamkorlar bilan maxsus fond yaratish ustida ham ishlayapmiz.

Xongkeo Souksavat, Laosning Mo'g'ulistondagi elchisi:

– "O'zbekiston – 2030" strategiyasi taqdimotida ishtirok etish menga katta mamnuniyat bag'ishladi. Keyingi yillarda O'zbekistonda barcha sohalarni rivojlantirishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Strategiya hayotning barcha sohalarini qamrab oladi. Xalqaro tashabbuslar jahon hamjamiyati tomonidan qo'llab-quvvatlanmoqda.

O'zbekiston mintaqaning o'zaro bog'liqligiga katta ahamiyat beradi va bunday tashabbuslar butun Markaziy Osiyoning iqtisodiy rivojlanishida muhim o'rin tutadi.

Borgil Surenxuu, Dengizga chiqish imkoniyati bo'lmagan mamlakatlar xalqaro tahliliy markazi eksperti:

– O'zbekiston va Mo'g'uliston xalqlari ko'p asrlik do'stlik tarixiga ega bo'lib, bugungi kunda barqaror taraqqiyot namoyon etmoqda. Buning yorqin misoli bugungi taqdimotning o'tkazilishidir.

Strategiya O'zbekiston taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega. Uning maqsadlari qatoriga turli sohalardagi islohotlar, iqtisodiy o'sish, ta'lim, sog'liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimlarini takomillashtirish, ekologik barqarorlikni ta'minlash va davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish kiradi.

O'zbekiston iqtisodiyoti bugungi kunda ishonchli o'sish sur'atlarini ko'rsatayotgani hayratlanarli. Qisqa vaqt ichida mamlakat katta muvaffaqiyatlarga erishdi.

O'zbekiston va Mo'g'uliston iqlim o'zgarishi, atrof-muhitni muhofaza qilish va cho'llanishga qarshi kurashda hamkorlik qilishi mumkin. Shuningdek, O'zbekistonda "Yashil makon", Mo'g'ulistonda esa "Millard daraxt" kabi daraxt ekish tashabbuslari ham amalga oshirilmoqda.

Mamlakatingizga yanada taraqqiyot tilayman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish