Logo

Kristin Muttonen: Markaziy Osiyo o'z taraqqiyot yo'lini birdamlik, ishonch va o'zaro hurmat asosida yaratmoqda

Noyabr 18, 2025. 20:31 • 2 daq

68
Kristin Muttonen: Markaziy Osiyo o'z taraqqiyot yo'lini birdamlik, ishonch va o'zaro hurmat asosida yaratmoqda

VENA, 24 noyabr. /"Dunyo" AA/. Avstriyaning Yevropa tadqiqotlari va xavfsizlik siyosati instituti vitse-prezidenti Kristin Muttonen "Dunyo" AA uchun intervyusida Toshkent shahri mezbonlik qilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvlari haqida fikr bildirdi:

– Avvalo, O'zbekiston Prezidentining mintaqaviy muloqotni tiklaganini alohida ta'kidlash lozim. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yo'lga qo'yilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqa hamkorligi tarixida tub burilish yasadi. Mintaqa yetakchilari ko'p yillar mobaynida ilk bor tashqi vositachilarsiz tizimli va muntazam muloqotni amalga oshirdi. Mintaqa yetakchilarining birgalikda ishlab, muammolarni imkoniyatlarga aylantirayotgani quvonarli holdir.

Toshkent shahrida bo'lib o'tgan yettinchi Maslahat uchrashuvlarida ko'plab yo'nalishlar qatori, ayollar va yoshlar masalasiga ham alohida e'tibor qaratilgani ahamiyatga molik. Bu yo'nalishdagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi jamiyatda xotin-qizlarning o'rni hamda kelajak avlodining ta'lim-tarbiyasini takomillashtirishda juda muhim.

Chegara masalalarini hal etish va xavfsizlik bo'yicha ishonchni mustahkamlashda O'zbekiston rahbarining xizmatlarini alohida e'tirof etish zarur. Shavkat Mirziyoyev davrida O'zbekiston qo'shnilar bilan uzoq yillik chegara masalalarini hal etib, do'stona bordi-keldi aloqalarini qayta tikladi.

Jumladan, Qirg'iziston va Tojikiston bilan avvalgi ziddiyatlar ochiq, tinch va totuvlik bilan bartaraf etildi. Mintaqa mamlakatlari o'zaro chegaralarni huquqiy jihatdan rasmiylashtirib, o'nlab yillar davomida keskinlik manbai bo'lib kelgan masalaga nuqta qo'yildi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining sa'y-harakatlarini o'zaro ishonch va pragmatizmga asoslangan holda birlashtirish butun mintaqa uchun mustahkam iqtisodiy poydevor yaratadi. Qisqacha qilib aytganda, Markaziy Osiyo o'z taraqqiyot yo'lini birdamlik, ishonch va o'zaro hurmat asosida yaratmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish