Xitoydan munosabat: O'zbekistonning Global ijtimoiy adolat jamg'armasini tashkil etish taklifi o'z vaqtida bildirildi
Noyabr 06, 2025. 08:27 • 2 daq
• 118
GUANCHJOU, 6-noyabr. /"Dunyo" AA/. Xitoyning Szyansi moliya va iqtisodiyot universiteti professori Albert Tam O'zbekiston Prezidentining Ijtimoiy rivojlanish bo'yicha ikkinchi Jahon sammitidagi nutqi yuzasidan o'z fikr-mulohazalarini bildirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

– O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dohada bo'lib o'tgan sammitdagi nutqini vazmin, konstruktiv va strategik jihatdan puxta o'ylangan, dastur deya baholayman. Davlatingiz rahbari o'z nutqida milliy yutuqlarni namoyish etish bilan bir qatorda, global tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, kambag'allik darajasining 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqargani haqidagi aniq raqamlar mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar jiddiy va samarador ekanini tasdiqlaydi. Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil etilishi esa ijtimoiy muammolarni hal etishda tizimli yondashuv mavjudligini ko'rsatadi.
O'zbekiston Prezidenti ilgari surgan tashabbuslar keng qamrovli va dolzarb bo'lib, zamonaviy dunyo oldida turgan asosiy muammolarni qamrab oldi. Xususan, Global ijtimoiy adolat jamg'armasini tashkil etish bo'yicha taklif o'z vaqtida bildirilgan bo'lib, jahon miqyosida kambag'allikka qarshi kurashni institutsional asosda yo'lga qo'yishga qaratilgan.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan e'lon qilingan Orolbuyi mintaqasi uchun ekologik muammolarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bilan bog'laydigan, barqaror rivojlanish tamoyillariga mos keladigan yangi rivojlanish modelini ta'kidlash juda muhimdir.
Umuman olganda, mazkur nutq O'zbekistonning jahon sahnasidagi o'rnini mintaqaviy, global darajada mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam bo'ldi. Doha deklaratsiyasini faol qo'llab-quvvatlash esa mamlakatning xalqaro hamkorlikka sadoqatini yaqqol namoyon etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi