Logo

Qirg'izistondan munosabat: Markaziy Osiyo ko'p yillik tarqoqlikdan ishonchli strategik sheriklikka o'tmoqda

Noyabr 15, 2025. 14:17 • 3 daq

139
Qirg'izistondan munosabat: Markaziy Osiyo ko'p yillik tarqoqlikdan ishonchli strategik sheriklikka o'tmoqda

BISHKEK, 15-noyabr. /"Dunyo" AA/. Qirg'iziston Milliy fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, siyosiy fanlar doktori, professor, taniqli siyosatshunos Tokon Mamitov "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidentining "Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida" nomli maqolasi haqida fikr bildirdi:

–   O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maqolasi jadal geosiyosiy o'zgarishlar davrida Markaziy Osiyoning roli to'g'risida va ijtimoiy-iqtisodiy transformatsiyalar bo'yicha mintaqaviy hamkorlikning zamonaviy doktrinasini shakllantiruvchi fundamental dasturiy hujjatdir.

"Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida" maqolasida strategik qarash, tarixiy realizm va ishonch, o'zaro hurmat va pragmatizmga asoslangan zamonaviy siyosiy madaniyat uyg'unligi namoyon bo'ladi. Markaziy Osiyo tom ma'noda barqaror rivojlanish, mintaqaviy jipslashuv va xalqaro subyektlilikning yangi davriga qadam qo'ydi.

O'zbekiston Prezidenti haqli ravishda mintaqa misli ko'rilmagan yuksalishni boshdan kechirayotganini ta'kidlamoqda. Iqtisodiy ko'rsatkichlar yangi mintaqaviy iqtisodiy makon shakllanayotganini tasdiqlaydi. Xususan, YAIMning 2,5 barobarga o'sishi, tashqi savdoni ikki barobarga oshirish, o'zaro savdoning ikki, investitsiyalarning 5,6 barobarga ortishi o'zaro hamkorlik aloqalarining yuksak darajada tashkil etilayotganidan dalolat beradi.

Markaziy Osiyo o'z ta'minot zanjirlari – sanoat zonalari, qo'shma GES va energetika tizimlari, transport yo'laklari va logistika klasterlarini shakllantirmoqda. Bu zamonaviy "Mintaqaviy ishlab chiqarish sinergiyasi" modeliga mos keladi.

Transafg'on temir yo'li, "Shimol-Janub" va "O'rta koridor" yo'laklari, sanoat kooperatsiyasi bo'yicha xalqaro markazlar tashkil etish, chegara tartib-taomillarini soddalashtirish alohida ahamiyatga ega.

Maqolada muhim fakt to'g'ri aks ettirilgan: mintaqa ilk bor tashqi kuchlar tomonidan yagona siyosiy subyekt sifatida qabul qilina boshlandi. O'ndan ortiq platformalar mavjud bo'lib, ular davlat rahbarlari, hukumatlararo mexanizmlar va aniq tarmoq loyihalari darajasiga ko'tarilgan. Bu Markaziy Osiyoning mustaqil geosiyosiy markaz sifatida e'tirof etilishini anglatadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev asosli ravishda ta'kidlaydi: Afg'oniston – Markaziy Osiyoning periferiyasi emas, balki tarkibiy qismidir. O'zbekistonning yondashuvi "Inklyuziv xavfsizlik" tamoyillariga, infratuzilma orqali iqtisodiy barqarorlashtirish strategiyasiga, mojarodan keyingi rivojlanishning zamonaviy nazariyalariga mos keladi.

Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston rahbarining maqolada keltirilgan strategik ahamiyatga ega g'oyalari Markaziy Osiyo Respublikalari uchun mintaqaviy milliy suverenitetni mustahkamlaydi, mamlakatlarning teng huquqliligini kafolaydi, energetika va suv sohasidagi qo'shma loyihani amalga oshiradi, yoshlar uchun ilm-fan va ta'lim integratsiyasini yo'lga qo'yadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish