Logo

Malayziyadan munosabat: O'zbekiston va Italiya yetakchilarining Rim bilan tengdosh Samarqanddagi uchrashuvi buyuk o'tmish va istiqbolli kelajak o'rtasidagi ko'prikdek bo'ldi

May 31, 2025. 10:16 • 2 daq

65
Malayziyadan munosabat: O'zbekiston va Italiya yetakchilarining Rim bilan tengdosh Samarqanddagi uchrashuvi buyuk o'tmish va istiqbolli kelajak o'rtasidagi ko'prikdek bo'ldi

KUALA-LUMPUR, 31-may. /"Dunyo" AA/. "Kingsley Strategic Institute" ijrochi direktori Maks Sey (Malayziya) "Dunyo" AA uchun intervyusida Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining 28-29 may kunlari O'zbekistonga buyurgan tashrifi haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Xalqaro munosabatlar bo'yicha mutaxassis sifatida Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining O'zbekistonga tashrifi va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvini katta qiziqish bilan kuzatdim. O'ylaymanki, ushbu tashrif nafaqat ikki tomonlama munosabatlar, balki Yevropa Ittifoqi va butun Markaziy Osiyo o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim siyosiy va ramziy ahamiyatga ega.

O'zbekiston tomonining Italiya hukumati rahbarini ko'rsatgan mehmondo'stligi va hurmati menda katta taassurot qoldirdi. O'zbekistonning an'anaviy mehmondo'stligining yana bir bora namoyon bo'lishi shunchaki diplomatik ishora emas, balki ishonch, ochiqlik va sheriklarga hurmatga asoslangan tasdiqlangan tashqi siyosat yo'nalishining ifodasidir.

Ayniqsa, muhim muzokaralar Rim singari jahon sivilizatsiyasining eng qadimiy markazlaridan biri bo'lgan qadimiy shahar – Samarqandda bo'lib o'tganini ramziy ma'noga ega deb bilaman. Bu diqqat bilan tanlangan tarixiy kontekst bo'lib, ikki buyuk xalqning madaniy va ma'naviy yaqinligini ta'kidlaydi. Rim bilan tengdosh Samarqandda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi buyuk o'tmish va istiqbolli kelajak o'rtasidagi ko'prikdek bo'ldi.

Kun tartibiga kelsak, men muhokama qilingan keng ko'lamli masalalarga alohida e'tibor qaratdim. Ular savdo va sarmoyadan tortib "yashil" energiya, ta'lim va yuqori texnologiyalar sohasidagi qo'shma loyihalardir. O'zbekistonning mintaqaviy markaz sifatidagi ahamiyati tobora ortib borayotganini hisobga olib, Italiya, menimcha, rasmiy Toshkent bilan strategik sheriklikni mustahkamlash yo'lida muhim va o'z vaqtida qadam tashlamoqda.

Ishonchim komilki, ushbu tashrif O'zbekiston-Italiya hamkorligi rivojiga yangi sur'at bag'ishlaydi va boy tarixiy merosga ega mamlakatlar zamonaviy, kelajakka yo'naltirilgan munosabatlarni yo'lga qo'yishiga namuna bo'ladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish