Logo

Pokistondan munosabat: Rossiyada erishilgan kelishuvlar O'zbekiston kompaniyalarining eksport imkoniyatlarini kengaytiradi

Oktabr 09, 2023. 08:20 • 2 daq

1010
Pokistondan munosabat: Rossiyada erishilgan kelishuvlar O'zbekiston kompaniyalarining eksport imkoniyatlarini kengaytiradi

TOSHKENT, 9-oktyabr. /"Dunyo" AA/. «Novugen Pharma» kompaniyasi asoschisi Xolid Mahmud (Pokiston) "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 5-7 oktyabr kunlari Rossiya Federatsiyasiga bo'lib o'tgan tashrifi yakunlari haqidagi fikrlarini bildirdi:



- Prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi nafaqat O'zbekiston, balki respublikaning strategik savdo-iqtisodiy hamkori bo'lgan Pokiston biznes va ishbilarmon doira vakillari uchun ham muhim ahamiyatga ega. Chunki, O'zbekiston nafaqat mintaqadagi strategik savdo-iqtisodiy hamkor, balki mahsulotimizni Rossiya va boshqa MDH mamlakatlarida ilgari surish uchun tranzit mamlakatdir.

An'anaga ko'ra, O'zbekiston rahbarining rasmiy tashrifi iqtisodiy kun tartibidan boshlandi. Prezident «Kazan Ekspo» ko'rgazmasiga tashrif buyurib, Rossiyaning yetakchi korxonalarining sanoat mahsulotlari va texnologiyalari bilan tanishdi. Rossiyaning yetakchi "Alabuga" va "Master" texnoparklari bilan birgalikda O'zbekistonda yangi sanoat parklarini tashkil etish bo'yicha kelishuvlarga erishildi. Metallarga ishlov berish, axborot-kommunikatsiya, uy-joy kommunal sohalarida istiqbolli kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, ta'lim, turizm va yoshlarga oid siyosatda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Sirdaryo viloyatida tashkil etilgan «Novugen Pharma» kompaniyamiz bir necha yildan buyon O'zbekiston farmatsevtika bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, sanoat kooperatsiyasining yorqin namunasi cifatida e'tirof etilmoqda.

O'zbekiston-Rossiya savdo-iqtisodiy munosabatlari o'zbek tovarlari va xizmatlarini sotishda naqadar muhim ekanini shaxsiy tajribamdan bilaman. O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimizning asosiy qismi Rossiya va MDHning boshqa davlatlariga eksport qilinayotgani bois mamlakatingiz rahbarining rossiyalik hamkasbi bilan uchrashuvlari va kelishuvlarini diqqat bilan kuzatib boramiz.

Albatta, Rossiyada erishilgan kelishuvlar korxonamiz va O'zbekistondagi boshqa tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turini ko'paytirish hamda eksport salohiyatini kengaytirish imkoniyatlarini oshiradi.

Pokiston va Janubiy hamda G'arbiy Osiyoning boshqa mamlakatlari geografik jihatdan O'zbekistonga yaqin, umumiy tarixiy ildizlarga ega va asrlar davomida transport yo'laklari orqali bog'lanib kelgan. Shu bois O'zbekiston rahbarining mintaqalararo munosabatlarni o'rnatish borasidagi doimiy sa'y-harakatlari Pokiston va Janubiy Osiyoning boshqa mamlakatlari tomonidan faol qo'llab-quvvatlanmoqda.

 Shu o'rinda, O'zbekiston Prezidentiga mintaqaviy o'zaro bog'liqlik strategiyasini izchil va qat'iy amalga oshirayotgani, o'zining milliy manfaatlarini ta'minlagani uchun minnatdorlik bildiraman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish