Pokistondan munosabat: O'zbekiston Prezidentining Mo'g'ulistonga tashrifi iqtisodiy diplomatiya va milliy manfaatlar uyg'unlashgan siyosatning davomidir
Iyun 26, 2025. 07:11 • 2 daq
• 65
ISLOMOBOD, 26-iyun. /"Dunyo" AA/. Xalqaro munosabatlar bo'yicha ekspert Humoyun Xon (Pokiston) "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 24-25-iyun kunlari Mo'g'ulistonga buyurgan davlat tashrifi haqidagi fikrlarini bayon qildi:

– O'zbekiston Prezidentining Mo'g'ulistonga tashrifi nafaqat mintaqaviy diplomatiya tadqiqotchisi, balki Yevroosiyo hamkorligining rivojlanayotgan arxitekturasini kuzatuvchisi sifatida ham e'tiborimni tortdi. Bu shunchaki protokol tashrifi emas, balki rasmiy Toshkent o'zining siyosiy va iqtisodiy ishtirokini an'anaviy mintaqadan tashqarida kengaytirayotganining belgisidir.
Tomonlar davlatlararo deklaratsiyalar bilan bir qatorda aniq tashabbuslarga ham e'tibor qaratgani ayniqsa ahamiyatli bo'ldi. O'zbekiston va Mo'g'uliston tabiiy resurslar, ishlab chiqarish, logistika, shuningdek, texnologiya va ta'lim sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga jiddiy e'tibor qaratmoqda. Erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi, xususan, Ulan-Batorda O'zbekistonning tog'-kon sanoati bo'yicha tarmoq vakolatxonasining ochilgani menda katta taassurot qoldirdi. Bu so'zdan amalga qadamdir.
Rasmiy Toshkent nafaqat do'stona munosabatlar, balki ishbilarmonlik va o'zaro manfaatli hamkorlik formatlarini barpo etayotganiga ishonchim ortib bormoqda. Bu pragmatik yondashuv bo'lib, mintaqadagi boshqa davlatlar uchun namuna bo'lib xizmat qilishi mumkin.
Shuningdek, tashrifning madaniy almashinuvlar, ta'lim sohasidagi tashabbuslar va to'g'ridan-to'g'ri aviareyslarni yo'lga qo'yishni o'z ichiga olgan "inson o'lchovi"ni ham ta'kidlash joiz. Bu barqaror xalqaro munosabatlar uchun juda muhim bo'lgan o'zaro ishonchni mustahkamlaydi.
Kengroq tushuntirganda, O'zbekiston strategik fikrlash va izchil harakat qilish qobiliyatini namoyon etyapti. Mo'g'ulistonga tashrif ham bundan mustasno emas, balki iqtisodiy diplomatiya va milliy manfaatlar uyg'unlashgan siyosatning davomidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Kenji Hirata: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot