Logo

Pokistondan munosabat: O'zaro bog'liqlik Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining global va mintaqaviy muammolarga nisbatan jamoaviy bardoshliligini mustahkamlaydi

May 20, 2025. 01:01 • 2 daq

66
Pokistondan munosabat: O'zaro bog'liqlik Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining global va mintaqaviy muammolarga nisbatan jamoaviy bardoshliligini mustahkamlaydi

ISLOMOBOD, 20-may. /"Dunyo" AA/. Islomobod strategik tadqiqotlar institutining Afg'oniston, Yaqin Sharq va Afrika bo'yicha markazi direktori Amina Xan "Dunyo" AA uchun intervyusida Termiz shahrida boshlangan "Tinchlik, do'stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish" mavzusiga bag'ishlangan Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro hamkorlik bo'yicha Termiz muloqotining birinchi yig'ilishi haqidagi fikrlarini bildirdi: 

– Global inqirozlar sharoitida mintaqalar o'rtasidagi bog'liqlik, hamkorlik va o'zaro ishonch davlatlar xavfsizligi hamda barqarorligini ta'minlashda muhim ustunlarga aylanmoqda. Shu ma'noda, Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bu borada alohida ahamiyat kasb etadi.

Ushbu hamkorlik platformasida Afg'oniston muhim rol o'ynaydi. Markaziy va Janubiy Osiyo chorrahasida joylashgan Afg'oniston ushbu mintaqalarni bog'lovchi markaz, tranzit hududi sifatida harakat qilishi, shuningdek, barcha yo'nalishlarda yangicha va yanada kengroq aloqalar uchun ko'prik vazifasini bajarishi mumkin. Mintaqadagi ko'plab mamlakatlar ichki muammolar, xususan, iqtisodiy qiyinchiliklar va energiya inqirozi bilan yuzma-yuz turgan bir paytda, mintaqaviy aloqalarni chuqurlashtirish tobora dolzarb bo'lib bormoqda.

Bunga erishish uchun mamlakatlar o'rtasidagi savdo va transport aloqalarini kuchaytirish zarur. Bu esa o'zaro iqtisodiy bog'liqlikni yuzaga keltiradi. O'zaro bog'liqlik esa barqarorlikni ta'minlovchi kuchga aylanib, mojarolar xavfini kamaytiradi, uzoq muddatli tinchlik hamda farovonlikka zamin yaratadi. O'zaro yaqin hamkorlik Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining global va mintaqaviy muammolarga nisbatan jamoaviy bardoshliligini mustahkamlashga zamin yaratadi.

Afg'onistonning Janubiy va Markaziy Osiyo chorrahasida joylashgan strategik mavqei uni mintaqaviy iqtisodiy integratsiya va bog'liqlikni kuchaytirishda muhim o'rin egallovchi davlatga aylantiradi. Uning geografik joylashuvi Janubiy va Markaziy Osiyo kabi ikki muhim mintaqani bog'lash imkonini beradi, kengroq iqtisodiy almashinuvlar va kuchliroq bog'liqlikni jadallashtirishga xizmat qiladi.

Keng qamrovli "Bir makon, bir yo'l" tashabbusi doirasida Afg'oniston ikki muhim yo'nalish – Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridori va Xitoy-Markaziy Osiyo-G'arbiy Osiyo koridorini o'zaro bog'lovchi ko'prik bo'lishi mumkin. Ushbu loyihalar nafaqat mintaqaviy savdoni kuchaytiradi, balki iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish uchun platforma vazifasini ham bajaradi.

Afg'onistonning roli faqat mintaqaviy savdo bilan cheklanmaydi. Pokiston, Afg'oniston va O'zbekistonni bog'lovchi Transafg'on temiryo'li hamda Turkmaniston-Afg'oniston-Pokiston-Hindiston (TAPI) gaz quvuri kabi tashabbuslar energiya va infratuzilma loyihalarini rivojlantirish orqali mintaqaviy barqarorlik va farovonlikni mustahkamlash imkonini beradi.

Endi mintaqa birdamlik ko'rsatishi, o'z taraqqiyotiga egalik qilishi, mintaqa barqarorligini ta'minlashga yo'naltirilgan energiya va savdo yo'llarini jadal rivojlantirishga e'tibor qaratishi vaqti keldi. Afg'oniston ushbu yo'nalishlarning to'liq salohiyatini ro'yobga chiqarishda markaziy o'rinni egallaydi. Uning strategik joylashuvidan barcha ishtirokchi davlatlar uchun umumiy farovon kelajakni ta'minlash yo'lida to'liq foydalanish lozim.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish