Logo

Buyuk Britaniyadan munosabat: Markaziy Osiyo - kelajakka ishonch bilan intilayotgan, hamkorlikka va innovatsiyalarga tayyor bo'lgan barqaror mintaqadir

Noyabr 18, 2025. 14:17 • 3 daq

135
Buyuk Britaniyadan munosabat: Markaziy Osiyo - kelajakka ishonch bilan intilayotgan, hamkorlikka va innovatsiyalarga tayyor bo'lgan barqaror mintaqadir

LONDON, 18-noyabr. /"Dunyo" AA/. Xalqaro huquqshunos, global boshqaruv va iqlim masalalari bo'yicha faol, Britaniya imperiyasi ordeni sohibasi Zexra Zaidi "Dunyo" AA uchun bergan intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shiddatli geosiyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy o'zgarishlar davrida Markaziy Osiyoning o'rniga bag'ishlangan maqolasi yuzasidan fikrlarini bildirdi:

- O'zbekiston Prezidentining mintaqaviy birdamlik zarurligi haqidagi fikrlarini yuksak baholayman. Joriy yil aprel oyida Samarqandda o'tgan Iqlim forumida ishtirok etar ekanman, bu birdamlikni amalda ko'rdim. Markaziy Osiyoning besh davlati transmilliy xususiyatga ega bo'lgan bir qator umumiy muammolarga duch kelmoqda va aynan birdamlik kuch va barqarorlik manbai hisoblanadi.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, mintaqaga xos ishonch va o'zaro hurmat muhiti, shuningdek, turli geosiyosiy bloklar bilan muvozanatli va konstruktiv munosabatlarni yuritish amaliyoti, keskin geosiyosiy parchalanish sharoitida "C5" davlatlarini ishonchli va barqaror hamkor sifatida namoyon etmoqda.

Barqarorlik – investitsiyalar uchun qo'shimcha ustuvorlik bo'lib, uni kamsitish mumkin emas. Barqaror muhit investitsiyani jalb qiladi, investitsiya esa xalqlar farovonligi va inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladi. Transmilliy yondashuvni talab qiluvchi muhim masalalar qatoriga savdo, mintaqaviy qiymat zanjirlari va tranzit tarmoqlarini kengaytirish kiradi. Markaziy Osiyo savdo va investitsiyalar uchun ishonchli va qulay hamkorga aylanishi mumkin.

Markaziy Osiyo taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichida turibdi va ulkan strategik mineral zaxiralariga ega. Biroq tashqi investitsiyalar faqat xomashyo qazib olishga emas, balki to'liq qiymat zanjiriga – mahalliy qayta ishlash, atrof-muhitga xizmat qiladigan toza texnologiyalar, ta'lim va ijtimoiy xizmatlar rivojlanishiga yo'naltirilishi kerak. Iqtisodiy o'sish sun'iy intellekt, texnologiyalar, ta'lim va davlat xizmatlaridagi yutuqlar bilan hamohang bo'lishi zarur. Mazkur maqsadlarga umumiy ovoz bilan, birdam harakat qilgan holda va shu bilan birga mintaqaviy xilma-xillikni hurmat qilgan holda erishish osonroq bo'ladi.

Men Markaziy Osiyoni barqarorlik ramzi, kelajakka ishonch, dinamika, hamkorlikka sodiqlik va yangicha tafakkur bilan harakat qilayotgan mintaqa sifatida ko'raman. Barqaror rivojlanish masalalari bo'yicha Markaziy Osiyolik hamkasblar bilan hamkorlik qilishdan faxrlanaman va o'zimni Markaziy Osiyoning yaqin do'sti deb bilaman.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyo Prezidentlarining Maslahatlashuv uchrashuvlari va "C5" formatini yuksak qadrlayman. Bunday muloqot maydonlari ishonchni mustahkamlaydi, ma'lumot almashishni kuchaytiradi va iqtisodiyot, ekologiya va madaniyat sohalarida yangi loyihalar uchun zamin yaratadi. Bu boshqalar uchun namuna bo'la oladigan yo'ldir".

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish