Vengriyadan munosabat: Turkiya–O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik yaqinlashuv iqtisodiy integratsiya, xavfsizlik va gumanitar birdamlikni aks ettiradi
Yanvar 30, 2026. 11:36 • 3 daq
• 500
BUDAPESHT, 31-yanvar. /“Dunyo” AA/. Vengriyadagi “Lyudovik” turkiy tadqiqotlar markazi, Lyudovik davlat xizmati universiteti katta maslahatchisi, tadqiqot va akademik tarmoq rahbari David Biro “Dunyo” AA uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rasmiy tashrifi yakunlari yuzasidan fikr bildirdi:
– Tashrif Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda, umuman, turkiy hamkorlik kun tartibida muhim voqeadir. Tashrif doirasida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi hamda 2023-yil fevral oyida ro‘y bergan vayronkor zilzila oqibatida uy-joyidan ayrilgan oilalar uchun O‘zbekiston tomonidan Hatay viloyatida barpo etilgan turar-joy majmuasining ishga tushirilishi bilan bog‘liq gumanitar tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ushbu ko‘p qirrali hamkorlik zamonaviy turkiy diplomatiya doirasida yaxlit institutsional mexanizmlar shaklida rasmiylashtirilayotgan strategik yaqinlashuv, iqtisodiy integratsiya, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik va gumanitar birdamlikni aks ettiradi.
Turkiya–O‘zbekiston munosabatlari Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan va 1992-yil 4-martda diplomatik munosabatlar o‘rnatganidan buyon izchil institutsionallashuv yo‘lini bosib o‘tdi. Ikki tomonlama aloqalar dinamikasi keyinchalik strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. So‘ngra 2018-yil may oyida Strategik hamkorlik kengashi tuzildi, bu tomonlarning muntazam va barqaror hamkorlikka sodiqligidan dalolat beradi.
Bugungi kunga qadar Kengashning to‘rtta yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi: 2020-yil fevral (Anqara), 2022-yil mart (Toshkent – munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish), 2024-yil iyun (Anqara) va 2026-yil yanvar (Anqara). Institutlashtirishning bunday modeli ikki tomonlama munosabatlarning barqarorligini taʼminlaydi.
Ikki mamlakat ittifoqi umumiy turkiy meros, islomiy anʼana va tarixiy vorisiylikka asoslanadi. Turkiya O‘zbekiston madaniy merosini yuksak qadrlaydi, bu Anqarada Alisher Navoiy haykalining ochilishi, Abu Rayhon Beruniy va Mahmudxo‘ja Behbudiyga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar o‘tkazilishida o‘z aksini topgan.
Bu galgi tashrif Turkiyada 2026 yilning kuzida bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning 13-sammitiga tayyorgarlik ko‘rish nuqtai nazaridan strategik ahamiyatga ega. Yanvar oyidagi muzokaralar yetakchilarga ko‘p tomonlama kun tartibining asosiy masalalari bo‘yicha pozitsiyalarni kelishib olish va TDT barcha aʼzo davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarga tatbiq etishga intilayotgan institutsional hamkorlik modelini namoyish etish imkonini berdi.
Shunday qilib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil yanvar oyidagi tashrifi institutsional muvofiqlashtirish, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik, geoiqtisodiy transformatsiya, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, gumanitar birdamlik va ko‘p tomonlama yetakchilikni birlashtirgan Turkiya - O‘zbekiston munosabatlarining cho‘qqisi bo‘ldi.
Ishonchim komilki, tashrif natijalari zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimida turkiy hamkorlikning strategik ahamiyatini anglashni oshirishga hamda diplomatik tuzilmalar tomonidan yana-da rivojlantirish va ko‘paytirishga loyiq mintaqaviy hamkorlik modelini shakllantirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi