Logo

Anqarada turk va o‘zbek olimlari Temuriylar merosini tahlil qildi

Aprel 29, 2026. 11:55 • 3 daq

303
Anqarada turk va o‘zbek olimlari Temuriylar merosini tahlil qildi
Anqarada turk va o‘zbek olimlari Temuriylar merosini tahlil qildi
Anqarada turk va o‘zbek olimlari Temuriylar merosini tahlil qildi
Anqarada turk va o‘zbek olimlari Temuriylar merosini tahlil qildi

ANQARA, 29-aprel. /“Dunyo” AA/. Anqara shahrida buyuk sarkarda va davlat arbobi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi, Adolat va taraqqiyot partiyasi, TURKSOY hamda Anqara Ijtimoiy fanlar universiteti hamkorligida tashkil etildi.

Anjumanda Amir Temurning turkiy tarixdagi o‘rni, davlatchilik va harbiy sanʼatdagi ulkan hissasi, ilm-fan va maʼrifatga bo‘lgan yuksak eʼtibori haqida so‘z yuritildi. Sohibqironning faoliyati Ikkinchi Renessansning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgani alohida taʼkidlandi.

Tadbirda Anqara Ijtimoiy fanlar universiteti rektori Musa Kazim Arijan Amir Temurning hayoti va faoliyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

“Mustafo Kamol Otaturk havas qilgan qo‘mondonlardan biri Amir Temur edi. 1922-yil 9-sentyabrda Izmir shahrining ozod etilishi munosabati bilan tashkil etilgan marosimda Otaturk Izmirni ozod qilishda yetakchilik qilgan askarga Amir Temur qilichi hadiya qilib shunday degan: “Agar men Temur davrida yashasam edi, ehtimol, u qilgan ishlarni amalga oshira olmagan bo‘lardim. Lekin agar u mening davrimda bo‘lganida, u mendan ko‘ra ko‘proq narsaga erishgan bo‘lar edi”, deya fikr yuritdi Musa Kazim Arijan.

Adolat va taraqqiyot partiyasining Turkiy davlatlar bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Kurshad Zorluning aytishicha, Amir Temur Samarqanddan to uzoq mintaqalargacha bo‘lgan hududda tamaddun barpo etgan. Eng yorqin jihatlaridan biri – madaniy merosni asrab-avayladi. Shaharlarni yangidan qurib, obod qildi. Samarqand, Hirot, Buxoro kabi tarixiy shaharlar Amir Temurning madaniy tasavvuri natijasida yuksaldi va bugungacha o‘z salobatini saqlab kelmoqda.

Shuningdek, Amir Temur tavalludining 690 yilligi doirasida Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi ko‘magida ko‘plab viloyatlarda “Temur va Yildirim” spektakli qo‘yila boshlangani, yuzlab kinozallarda “Temur – so‘nggi fotihning yuksalishi” kinosi namoyish etilayotgani eʼtirof qilindi.

Anqara Ijtimoiy fanlar universiteti dekani Bilol Chakiji moderatorligida tadbirning panel sessiyasi o‘tkazilib, unda o‘zbek va turk olimlari o‘z taqdimotlari bilan qatnashdi.

Jumladan, Farg‘ona davlat universiteti professori Bahriddin Usmonov “Temuriylar Renessansining shakllanishida Amir Temurning roli”, Buxoro davlat universiteti professori Shadmon Xaitov “Kelajak avlodlar uchun namuna o‘laroq buyuk davlat arbobi Amir Temur”, Anqara Ijtimoiy fanlar universiteti professori O‘g‘uzhan Durmush “Temuriylar davlatida turkiy til”, Anqara Hoji Bayram Valiy universiteti professori Mesut Karakulakning “Turk dunyosi va Temuriylar Renessansi davri: dunyo tartibini qayta talqin qilish” mavzularida maʼruza qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish