Seulda Amir Temurga bag‘ishlangan monografiya taqdimoti bo‘lib o‘tdi
May 04, 2026. 09:00 • 2 daq
• 349
SEUL, 4-may. /“Dunyo” AA/. Inha universiteti professori Son Dongining “Amir Temur: Markaziy Osiyoning yopiq chegaralarini ochish va uni dunyoni bog‘lash” nomli monografiyasining to‘ldirilgan nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xanguk chet tillar universitetida o‘tkazilgan ushbu tadbir ilmiy-maʼrifiy muhitda o‘tkazilib, Sohibqiron Amir Temurning siyosiy va diplomatik merosini tahlil qilishga bag‘ishlangan keng ilmiy muhokamalarga zamin yaratdi.
Professor Son Dongi o‘z asarida Amir Temurning tarixiy o‘rnini yuqori baholab, G‘arb tarixshunosligida shakllangan ayrim anʼanaviy qarashlarni tanqidiy yondashuv asosida qayta ko‘rib chiqqan. Muallif Sohibqironni XIV asr Yevroosiyo geosiyosatining muhim meʼmori sifatida tasvirlab, uning strategik siyosati Markaziy Osiyoning mintaqaviy izolyatsiyasini bartaraf etishga xizmat qilganini taʼkidladi.
Monografiyada Amir Temur davrida yo‘lga qo‘yilgan savdo yo‘llari xavfsizlik tizimi Buyuk Ipak yo‘li rivojiga katta turtki bergani, Samarqandni xalqaro intellektual va iqtisodiy almashinuv markazlaridan biriga aylantirgani batafsil yoritilgan.
Shu bilan birga, asarda ko‘chmanchi anʼanalar va o‘troq sivilizatsiya institutlarini uyg‘unlashtirgan davlat boshqaruvi modeliga alohida eʼtibor qaratilgan.
Qolaversa, Amir Temurning diplomatik faoliyati, xususan Yevropa qirollik saroylari bilan bevosita aloqalar o‘rnatishga qaratilgan tashabbuslari ilmiy jihatdan tahlil qilingan.
Son Dongining ushbu asari ilmiy jihatdan puxta va madaniy diplomatiya g‘oyalarini uyg‘unlashtirgan holda tayyorlangan bo‘lib, sharqshunoslik hamda xalqaro munosabatlar sohasidagi mutaxassislar, Markaziy Osiyo tarixiy merosiga qiziquvchi keng kitobxonlar uchun mo‘ljallangan.
Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan ushbu monografiyaning chop etilishi O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi