“Türkiye” gazetasi: Sohibqiron Amir Temur shon-shuhratining siri “Kuch – adolatda” tamoyiliga amal qilganidadir
May 02, 2026. 10:37 • 2 daq
• 282
ANQARA, 3-may. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning yetakchi nashrlaridan biri – “Türkiye” gazetasida buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur hayoti hamda uning boy tarixiy merosiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, Anqara ijtimoiy fanlar universiteti (ASBÜ)da bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Amir Temurning siyosiy va ijtimoiy faoliyati, u asos solgan markazlashgan davlat boshqaruvi tizimi, turkiy dunyoni birlashtirishdagi roli hamda Temuriylar Renessansining o‘ziga xos xususiyatlari haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Maqola muallifi O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi, ASBÜ va TURKSOY hamkorligida tashkil etilgan panel muloqotini shunchaki xotira tadbiri emas, balki turkiy makon kelajagini belgilovchi muhim voqea sifatida taʼriflagan. Maqolada “Sohibqiron” tarixiy unvoni nafaqat harbiy martaba, balki yer yuzida adolat o‘rnatgan oliy hukmdor timsolini anglatishi qayd etilgan.
Gazetada Amir Temur dashtning qatʼiy intizomini Samarqand estetikasi va o‘sha davr ilm-fan yutuqlari bilan uyg‘unlashtirgan “Temuriylar Renessansi” meʼmori sifatida taʼriflangan. Sohibqironning dunyo miqyosida tan olinishi siri uning “Kuch — adolatda” degan fundamental tamoyilida ekani, chunki faqat adolatga tayangan hokimiyatgina buyuk sivilizatsiya yaratishga qodirligi taʼkidlangan.
Turkiya Adolat va taraqqiyot partiyasi raisi o‘rinbosari, professor Kurshad Zorlu Sohibqiron merosini zamonaviy geosiyosat bilan bog‘lagan. U Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston rivojlanishining yangi bosqichini yuqori baholab, so‘nggi sakkiz yil ichida Turkiya va O‘zbekiston munosabatlari misli ko‘rilmagan darajada muvaffaqiyatga erishganini qayd etdi.
Konferensiya davomida olimlar Amir Temur shaxsi keyingi davrlar yetakchilarini qanday ruhlantirganiga ham eʼtibor qaratdi. Xususan, Mustafo Kamol Otaturk o‘z g‘alabalariga erishish yo‘lida Temurning harbiy mahorati va diplomatiyasini o‘rganish orqali maʼnaviy kuch olgani haqida maʼlumotlar keltirildi.
Maqola yakunida buyuk sarkarda Amir Temur merosining bunday yuqori saviyada muhokama qilinishi Turkiy davlatlar tashkilotining istiqbollari va yagona qarashlarini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi