Logo

Ashxobodda "O'zbekiston-Turkmaniston: strategik sheriklikning yangi istiqbollari" mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi

Oktabr 11, 2025. 13:42 • 2 daq

98
Ashxobodda "O'zbekiston-Turkmaniston: strategik sheriklikning yangi istiqbollari" mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi

ASHXOBOD, 11-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro munosabatlar institutida "O'zbekiston–Turkmaniston: strategik sheriklikning yangi istiqbollari" mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Turkmaniston Strategik tadqiqotlar ilmiy markazi ekspertlari, Xalqaro munosabatlar instituti professor-o'qituvchilari hamda transport, logistika, turizm sohasi vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbati davomida O'zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining sa'y-harakatlari bilan so'nggi yillarda ikki qardosh davlat o'rtasidagi azaliy do'stlik va yaxshi qo'shnichilik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganligi ta'kidlanib, strategik sheriklikni yana-da chuqurlashtirish istiqbollari muhokama etildi.

Jumladan, ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni kengaytirish, savdo va investitsiyalar hajmlarini oshirish, transport-logistika, energetika, turizm, atrof-muhitni muhofaza qilish, ilm-fan, ta'lim va boshqa ustuvor yo'nalishlarda o'zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash masalalari bo'yicha fikrlar almashildi.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida o'zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash va barqaror rivojlanish borasida hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham alohida e'tibor berildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar davra suhbati davomida bildirilgan fikr-mulohazalar, ilgari surilgan takliflar va istiqbolli loyihalar O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi strategik sheriklikni hamda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yana-da mustahkamlashga qaratilgan yangi tashabbus va g'oyalarni ilmiy ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirdilar.

Davra suhbatidan so'ng, Markaziy Osiyo xalqaro instituti delegatsiyasi Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro munosabatlar instituti va Strategik tadqiqotlar ilmiy markazi rahbariyati bilan alohida uchrashuvlar o'tkazdi. Uchrashuvlarda o'zaro ilmiy-tadqiqot faoliyati, qo'shma anjumanlar tashkil etish va boshqa hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bo'yicha amaliy masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, mamlakatimiz vakillari Ashxobod shahrida joylashgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markaziga tashrif buyurdi. Suhbat chog'ida mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanish yo'nalishidagi qo'shma loyihalar muhokama etilib, mintaqaviy tashabbuslarni amalga oshirishda BMTning muhim ahamiyati ta'kidlandi.

Shu kuni Markaziy Osiyo xalqaro instituti delegatsiyasining Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Axmet Gurbanov bilan ham uchrashuvi bo'lib o'tdi. Muloqot davomida Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, shu jumladan joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida o'tkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahatlashuv uchrashuviga tayyorgarlik ko'rish masalalari yuzasidan fikrlar almashildi.

 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish