"China Daily" gazetasi: Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlarining eng yirik savdo-iqtisodiy hamkori va mintaqadagi xalqaro munosabatlarning asosiy ishtirokchisi
Iyun 18, 2025. 16:00 • 2 daq
• 83
PEKIN, 18-iyun. /"Dunyo" AA/. Xitoyning yetakchi "China Daily" gazetasida "Markaziy Osiyo – Xitoy" formati doirasida O'zbekiston-Xitoy strategik sherikligiga bag'ishlangan maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda yozilishicha, qariyb 35 yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlari xususan, O'zbekiston bilan Xitoy o'rtasidagi munosabatlarda ulkan o'zgarishlar yuz berdi. 1992-yildan buyon Xitoy va mintaqa mamlakatlari o'rtasidagi tovar ayirboshlash hamda investitsiyalar hajmi qariyb 100 baravarga ortdi. Bugungi kunda Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlarining eng yirik savdo-iqtisodiy hamkori va mintaqadagi xalqaro munosabatlarning asosiy ishtirokchisidir.
Qayd etilishicha, O'zbekiston Xitoy bilan barcha yo'nalishlarda aloqalarni mustahkamlashda davom etmoqda, bunda davlat rahbarlari diplomatiyasi asosiy rol o'ynaydi. Shu bois, Toshkent va Pekin 2012-yilda "strategik sheriklik" o'rnatilgandan so'ng, bir necha yil ichida, jumladan, 2016-yilda har tomonlama va 2024-yilda esa har qanday vaziyatda ham mustahkam strategik sheriklik maqomiga o'tdi.
"Munosabatlarni rivojlantirishda dinamik savdo-iqtisodiy hamkorlik muhim rol o'ynaydi. 2024-yilda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 13 milliard dollardan oshdi, yaqin yillarda tomonlar uni 20 milliard dollarga yetkazish niyatida. 2017-2024-yillarda o'zlashtirilgan Xitoy investitsiyalarining umumiy hajmi esa 17,6 milliard dollarni tashkil etgan",– deb yozadi muallif.
Nashrda, shuningdek, mintaqa Xitoy uchun nafaqat tranzit yo'lagi, balki tovarlar va investitsiyalar uchun o'sib borayotgan bozor sifatida muhimligi ham ta'kidlangan.
"O'tgan yili Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo hajmi 94,8 milliard dollarni tashkil etgan, yaqin yillarda esa 100 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. To'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar 15 milliard dollardan ortiqni, Xitoy kompaniyalarining qurilish shartnomalari esa 10 milliard dollarni tashkil etgan", – deya urg'ulanadi maqolada.
Bundan tashqari, manbada keltirilishicha, O'zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoy bilan keng doiradagi yo'nalishlar bo'yicha o'zaro manfaatli hamkorlik qilishi uchun ulkan salohiyati mavjud.
"Xitoylik hamkorlar bilan ikki tomonlama va mintaqaviy loyihalar hamda dasturlarni amalga oshirish mamlakatlarning iqtisodiy modernizatsiyasiga va mintaqamizdagi integratsiya jarayonlariga ko'maklashadi", – deb yozilgan "China Daily" gazetasida bosilgan maqola xulosasida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘sh shahrida Alisher Navoiy haykali va uning nomi bilan atalgan shohko‘cha ochildi
ADPI pedagoglari Qirg‘iz–o‘zbek xalqaro universiteti faoliyati bilan tanishdi