Logo

Xalqaro kimyo olimpiadasida o'zbekistonlik talabalar 4 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza medallarini qo'lga kiritdi

Oktabr 20, 2025. 15:56 • 2 daq

216
Xalqaro kimyo olimpiadasida o'zbekistonlik talabalar 4 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza medallarini qo'lga kiritdi

ASHXOBOD, 20-oktabr. /"Dunyo" AA/. Ashxobod shahridagi Maxtumquli nomidagi Turkman davlat universitetida IV Xalqaro kimyo olimpiadasi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu nufuzli bilimlar bellashuvida O'zbekiston, Turkmaniston, Rossiya, Xitoy, Eron, Qozog'iston, Armaniston, Ozarbayjon, Tojikiston va boshqa mamlakatlari vakillari ishtirok etdi.

O'zbekiston sharafini Buxoro davlat universiteti, Buxoro davlat texnika universiteti, Qarshi davlat universiteti va Osiyo xalqaro universitetining 18 nafar talabasi himoya qildi.

Olimpiadaning ochilish marosimi milliy rang-baranglik va do'stlik ruhida bo'lib o'tdi. Har bir mamlakat delegatsiyasi o'z bayrog'i bilan kirib keldi, turkman talabalari esa turli millatlarning milliy raqslarini jumladan, Xorazm lazgisini ijro etishdi.

Bellashuvlar yozma masalalar va test sinovlari shaklida o'tkazildi. Yakuniy natijalarga ko'ra, o'zbekistonlik talabalar umumiy hisobda 4 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza medallarni qo'lga kiritdi.

Olimpiada doirasida o'zbekistonlik professor-o'qituvchilar tomonidan turkman talabalari uchun maxsus master-klass darslari o'tkazildi. Shunidek, talabalar uchun turli madaniy tadbirlar ham tashkil etildi. 

Xalqaro kimyo fani olimpiadasining yopilish marosimida g'oliblarni Turkmaniston Ta'lim vazirligi va Maxtumquli nomidagi Turkmaniston davlat universiteti rahbariyati qutladi.

Buxoro davlat universiteti dotsenti Umida Xalikova o'z ma'ruzasida taassurotlari bilan o'rtoqlashdi va ikki qardosh xalq o'rtasidagi do'stlikni alohida ta'kidladi.

Ashxoboddagi xalqaro olimpiada nafaqat bilimlar bellashuvi, balki turli millat yoshlarining do'stligi, hamkorligi va tajriba almashinuvi maydoniga aylandi.

 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish