Logo

Toshkent Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH tahlil markazlari vakillarini jamladi

Oktabr 02, 2025. 14:34 • 2 daq

371
Toshkent Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH tahlil markazlari vakillarini jamladi

TOSHKENT, 2-oktyabr /Dunyo" AA/. Kecha Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) birinchi "Markaziy Osiyo va AQSH" tahlil markazlari forumi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Anjumanda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, terrorizm, ekstremizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha "C5+1" ishchi guruhi doirasida birgalikdagi sa'y-harakatlar, mintaqaviy va mintaqalararo aloqalarni kuchaytirish, jumladan, O'rta yo'lakni rivojlantirish, raqamli va energetika infratuzilmasini kengaytirish, to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, Amerika va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

MOXI direktori o'zining qutlov so'zida Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH o'rtasida ekspertlar muloqotini kuchaytirish ham ikki tomonlama, ham ko'p tomonlama formatdagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol o'ynashini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, bunday forumlar dolzarb kun tartibini muhokama qilish va amaliy tashabbuslarni ishlab chiqish uchun muhim maydon bo'lib xizmat qiladi.

Muhokama ochiq fikr almashish tarzida o'tdi va bu xavfsizlik, iqtisodiyot, energetika, barqaror rivojlanish sohalarida hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo'yicha aniq takliflar ishlab chiqish imkonini berdi.

Tadbir mintaqaviy rivojlanishning ustuvor yo'nalishlari bo'yicha sheriklik va hamkorlikni mustahkamlash platformasiga aylangan "Markaziy Osiyo – AQSH" o'zaro hamkorlik formatining 10 yilligi munosabati bilan o'tkazilgani alohida ahamiyat kasb etdi.

Forumda AQSH va Markaziy Osiyo davlatlarining yetakchi tahlil markazlari, davlat idoralari va xususiy tashkilotlari vakillari, mintaqaviy institutlar va akademik hamjamiyat ekspertlari ishtirok etdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish