O'zbekistonda 10 maydan 10 iyunga qadar "Farovon oila sari" oyligi o'tkazilmoqda
May 15, 2025. 17:49 • 3 daq
• 50
TOSHKENT, 15-may. /"Dunyo" AA/. 15-may – Xalqaro oila kuni kuni munosabati bilan yurtimizda joriy yilning 10 maydan 10 iyunga qadar "Farovon oila sari" oyligi o'tkazilmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Oila va xotin-qizlar qo'mitasi matbuot xizmati yozganidek, oila xalqimiz uchun hamisha avloddan avlodga o'tuvchi ma'naviy meros, aslida o'ziga xos bir maktab, ma'naviy xazina bo'lib qolganidadir. Oila – oltin qo'rg'ondir. Oila – Vatan ichra kichik Vatandir.
Oila va oilaning ma'naviy ustuni bo'lgan xotin-qizlar bilan ishlash borasida birgina 2025-yilning o'zida sohaga doir 6 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. "O'zbekiston-2030" strategiyasi doirasida oilaviy va milliy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo'yicha aniq vazifalar belgilandi.
O'zbekiston Prezidenti ta'birlari bilan aytganda, "Oila kichik Vatan, oila tinch bo'lsa, baxtli bo'lsa, Vatan tinch bo'ladi...".
Chunki oila qadriyati har qanday xalqning, davlatning asosiy kuchi va ijtimoiy-ma'rifiy qudratining timsolidir. Oilalari mustahkam va totuv bo'lgan yurt taraqqiy topadi, farovon bo'ladi, odamiylik, umuminsoniy fazilatlar va yuksak qadriyatlar gullab-yashnaydi.
Yurtimizda keyingi yillarda xotin-qizlarning sifatli ta'lim olish imkoniyati kengaytirildi.
Xususan, mamlakatimizdagi 200 dan ziyod oliygoh talabalarining 52 foizdan ortig'ini (783 ming nafar) xotin-qizlar tashkil etadi. O'tgan yilning o'zida magistraturada o'qiyotgan 15 mingga yaqin xotin-qizlarga 100 milliard so'mga yaqin kontrakt puli to'lab berildi.
Xotin-qizlarning ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, bu borada ehtiyojmand oilalar farzandlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida 2020-2024 yillarda jami 10 ming nafarga yaqin ehtiyojmand oilalardan bo'lgan xotin-qizlar oliy ta'lim muassasalariga qo'shimcha davlat granti asosida o'qishga qabul qilindi.
2022-2024-yillarda 397 ming nafariga 7 yil muddatga foizsiz 4,3 trillion so'm ta'lim kreditlari ajratildi. Bu kabi yirik raqamlar nimadan dalolat? Albatta, davlat tomonidan oilani qo'llab-quvvatlashga qaratilgan ulkan islohotlarning amaliy natijasidir.
Bugun e'tirof etilayotgan 2000 ta "Ibratli oila" ushbu mexanizmlar mahsulidir. Ushbu yo'nalishlarga xizmat qiluvchi 150 dan ortiq Oila va xotin-qizlar maskanlari tashkil qilindi.
Hammamizga yaxshi ma'lumki, har yili 15 may – Xalqaro oila kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu kun munosabati bilan mamlakatimizda ham oilaviy qadriyatlarni asrab avaylash, sog'lom jamiyat poydevorini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli dasturlar amalga oshirib kelinmoqda. Joriy yilning 10 maydan 10 iyunga qadar "Farovon oila sari" oyligi o'tkazilmoqda.
Bugun respublikamizning barcha tuman va shahar markazlaridagi istirohat bog'larida "Oilalar sayli" (OILAFEST) o'tkazilmoqda. Unda "Ibratli oila" ko'krak nishoni sohiblari, yosh kelin-kuyovlar, namunali oilalar ishtirok etyapti. Bu kabi tadbirlar oila institutiga bo'lgan ijtimoiy e'tiborni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yurtimizda "Ibratli oila" ko'krak nishoni bilan 2 000 ta oila taqdirlandi. Bu faqatgina bir mukofot emas – bu jamiyat e'tirofi, bu elning duosi, bu avlodlar uchun o'rnak bo'ladigan meros. Ushbu oilalarga nafaqat ko'krak nishoni, balki moddiy rag'bat va faxriy belgilar ham berdi.
Xulosa qilib aytganda, bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan har qaysi ijtimoiy-siyosiy islohotning bosh markazida inson va uning qadri turibdi. Har bir inson oilada ulg'ayadi, oilada kamol topadi. Oila qancha mustahkam bo'lsa, jamiyat barqaror bo'ladi. Farovon oila — farovon jamiyatning ilk bo'g'ini, uni asrash va mustahkamlash esa barchamiz uchun sharafli burchdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Tailandda davlat ramzlarining ahamiyatiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi
Umra ziyoratchilari ishtirokida madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi
Italiyada yangilangan O'zbekiston Konstitutsiyasi e'tirof etildi
Davlat ramzlari – mustaqillik timsoli, farovon hayot garovi!
Janubiy Koreyada O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun nishonlandi