Tailandda davlat ramzlarining ahamiyatiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi
Dekabr 14, 2025. 13:33 • 2 daq
• 213BANGKOK, 18-dekabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan O‘zbekiston davlat ramzlari qabul qilingan kunga bag‘ishlab madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Tailanddagi davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlari, Bangkok shahrida akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlar diplomatlari, ishbilarmon doiralar vakillari hamda ushbu davlatda yashayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlar qatnashdi.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston Konstitutsiyasi hamda Davlat madhiyasi qabul qilingan kun, uning qabul qilinish tarixi, mustaqil davlatchilikni tashkil etish hamda fuqarolar huquq va erkinliklarini taʼminlashdagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi.
Taʼkidlanganidek, umumxalq referendumi asosida tahrir qilingan Konstitutsiyamiz yangi O‘zbekistonni barpo etishda ishonch va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Yangilanish natijasida, bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi. Umuman olganda, O‘zbekiston Konstitutsiyasi 65 foizga yangilandi.
Davlat rahbari hamda Parlament tomonidan sudlar faoliyati, fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirishga oid ko‘plab meʼyoriy-huquqiy hujjatlar imzolandi. Yurtimizda do‘stlik, hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yoshlar va xotin-qizlar masalalari, kam taʼminlangan insonlar manfaatlarini himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi.
Shu bilan birga, ishtirokchilarga O‘zbekiston Davlat madhiyasi haqida ham maʼlumot berildi. Xususan, Davlat madhiyasining matni va musiqasi 1992 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonun bilan tasdiqlangan. Ushbu Qonunning 2-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasiga zo‘r ehtirom bilan qarash O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchidir”, deb belgilab qo‘yilgan. Davlat suvereniteti ramzi bo‘lgan madhiya matni O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tomonidan yozilgan. Unga O‘zbekiston xalq artisti Mutal Burxonov musiqa bastalagan.
O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi mustaqillikka eʼtiqodni targ‘ib qiladi. Uning matni fuqarolarimizni mustaqil davlat qurish yo‘lida matonat va jasoratga, sabr-toqat va fidokorlikka, kurashga chaqiradi, milliy g‘ururni uyg‘otadi.
Madhiyamiz bayramlar, siyosiy chiqishlar, sport anjumanlari, rasmiy davlat qabullari, yuqori ahamiyatli tadbirlar, turli davlat boshliqlarini kutib olish va kuzatish marosimlari hamda qonun bilan belgilangan boshqa hollarda ijro etilib, davlat suverenitetiga eʼtiqod va hurmatni rasmiy musiqa hamda matn bilan ifoda etadi.
Xorijiy mehmonlarga O‘zbekiston sayyohlik imkoniyatini ifoda etuvchi turli materiallar taqdim etilib, o‘zbek milliy bayram dasturxoni yozildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Umra ziyoratchilari ishtirokida madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi
Italiyada yangilangan O'zbekiston Konstitutsiyasi e'tirof etildi
Davlat ramzlari – mustaqillik timsoli, farovon hayot garovi!
Janubiy Koreyada O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun nishonlandi
O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni AQShda keng nishonlandi


