Andijonning ...qovun va uzumi bisyor yaxshi bo'lur. Andijonning noshpotisidin yaxshiroq noshpoti bo'lmas
Fevral 14, 2024. 18:28 • 2 daq
• 181
ANQARA, 14-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Turkiyaning Bursa shahrida adib, olim, sarkarda, yirik davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligi munosabati bilan ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda amaliy safar bilan Turkiyada bo'lib turgan Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti professori, taniqli boburshunos Zulxumor Xolmonova va mezbon davlat oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan vatandosh talabalar qatnashdi.
Taniqli boburshunos Zulxumor Xolmonova buyuk mutafakkir va davlat arbobi, xassos shoir Bobur merosini o'rganish bugun tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta'kidladi. Olima o'z ma'ruzasi davomida boburshunoslik yo'nalishidagi so'nggi ilmiy yangiliklar, xalqaro miqyosda, xususan Turk oliy ta'lim muassasalarida Bobur adabiy merosini o'rganishga qaratilgan tadqiqotlar, shoir ijodining rang-barang qirralari tadqiqi haqida batafsil to'xtalib o'tdi.
«Bobur – buyuk ajdodimiz. Uning asarlari shu qadar serqirraki, teranroq mutolaa qilgan har bir kishi o'z holi va vaziyati uchun muhim o'gitlarni kashf eta oladi. Ayniqsa, siz kabi Vatandan uzoqda ta'lim olayotgan yoshlarimiz uchun buyuk ajdodimiz hayotida o'rnak jihatlar bisyor, – dedi Zulxumor Xolmonova. – Bobur Vatanga muhabbat qanday bo'lishini o'z hayoti davomi sidqidillik bilan ko'rsatib bergan, asarlarida ham ifoda etgan zot. U Hindistonda yozgan satrlarida ona yurtini bot-bot sog'inch bilan tilga oladi. Jumladan, satrlaridan birida «Andijonning ...qovun va uzumi bisyor yaxshi bo'lur. Andijonning noshpotisidin yaxshiroq noshpoti bo'lmas», deb yozadi».
Tadbirda davomida buyuk ajdodimizning hayotida bugungi yoshlarimiz uchun yuqoridagi kabi ko'plab namunaviy jihatlar borligi ta'kidlandi. Jumladan, Boburning o'z farzandlariga va turmush o'rtog'iga bo'lgan munosabati va hurmati, oila ichidagi axloq-odob va mehr-muruvvati o'rnak ekani bildirildi.
Qayd etilganidek, Boburiylar tomonidan barpo etilgan etilgan Tojmahal – butun insoniyat tarixida mehr-muhabbatni aks ettiruvchi eng muhtasham yodgorlikdir. Ushbu me'moriy durdona ajdodlarimiz tomonidan ayolga ko'rsatilgan e'tibor va qadr-qimmat naqadar yuksak bo'lganini yorqin ko'rsatib turibdi.
Ma'rifiy tadbir yakunida talaba yoshlar Zahiriddin Muhammad Bobur haqida o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Shuningdek, talabalar tomonidan Bobur g'azallaridan namunalar o'qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi