Germaniyada Navoiy va Bobur merosiga bag'ishlangan madaniy-ma'rifiy tadbir o'tkazildi

Fevral 18, 2025. 11:52 • 3 daq

100
Germaniyada Navoiy va Bobur merosiga bag'ishlangan madaniy-ma'rifiy tadbir o'tkazildi

BERLIN, 18-fevral. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasida buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi Mir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligiga bag'ishlangan madaniy-ma'rifiy tadbir o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo AA" muxbiri.

Unda Germaniyaning turli shaharlarida tahsil olayotgan, ilmiy-fan bilan shug'ullanayotgan va mehnat faoliyatini yuritayotgan vatandoshlarimiz, shuningdek o'zbek tilini o'rganayotgan nemis talabalari qatnashdi.

Tadbir ishtirokchilarini mamlakatimiz elchisi Dilshod Axatov kirish so'zi bilan qutladi va buyuk bobokalonlarimiz tavallud ayyomlari munosabati bilan mamlakatimizda xalqaro anjumanlar o'tkazilayotgani, ularning boy ilmiy-ma'naviy merosi xorijda ham keng o'rganilayotganiga e'tibor qaratdi. Shuningdek, elchi vatandoshlarimizni 14 fevral kuni davlatimiz rahbarining yoshlar bilan bo'lib o'tgan muloqotiga batafsil to'xtaldi.

So'zga chiqqanlar ushbu tadbir mamlakatimizda buyuk ajdodlarimiz Navoiy va Bobur tavallud ayyomlari nishonlanayotgan kunlarda bo'lib o'tayotgani, ular qoldirgan ma'naviy merosning yosh avlod tarbiyasida tutgan muhim o'rni haqida gapirdilar. Vatandoshlarimiz tomonidan bobolarimiz g'azallari o'qildi va sahna ko'rinishlari ijro etildi.

Tadbir doirasida ushbu mamlakatda vatandoshlar tomonidan amalga oshirilayotgan va bugungi kunda butun mamlakat bo'ylab faoliyat yuritayotgan "Baxtiyor oila" loyihasining ikki yilligi ham nishonlandi. Loyiha rahbarlari ishtirokchilarga o'tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar sarhisobini taqdim etdilar va oila, tarbiya, milliy qadriyatlarimiz haqida ma'ruzalar qildilar.

Said Xalabi, tadbir mehmoni:

– O'zbekiston elchixonasida tashkil etilgan Navoiy va Bobur tavalludiga bag'ishlangan tadbirga ishtirok etganimdan xursandman. O'zbek madaniyati, she'riyati, buyuk mutafakkir shoirlari haqida juda ko'p ma'lumot oldim. Bu kechadagi ishtirokim O'zbekistonga bo'lgan qiziqishimni yanada orttirdi. Joriy yil yoz faslida oilam bilan O'zbekistonga sayohat qilishni rejalashtiryapmiz.

Hilal Reyxan, Gumboldt universiteti talabasi:

– Alisher Navoiy va Bobur Mirzo tavallud kunlarini birgalikda nishonladik va o'zimiz uchun haqiqiy ma'naviy ozuqa oldik deya olaman. Tadbir juda qiziqarli bo'ldi. Turkiy olamning buyuk shoirlari haqida ma'ruzalar tingladik va hikmatga boy g'azallaridan eshitdik. Shu o'rinda men ham Navoiy g'azalidan parcha o'qimoqchiman:

Jondin seni ko'p sevarmen, ey umri aziz,

Sondin seni ko'p sevarmen, ey umri aziz.

Har neniki sevmak ondin ortuq bo'lmas,

Ondin seni ko'p sevarmen, ey umri aziz .

Lobar Babayeva, "Baxtiyor oila"loyihasi faol a'zosi:

– Nyurnberg shahrida oilam bilan yashayman. Mamlakatimiz elchixonasi bilan hamkorlikda vatandoshlar ishtirokida buyuk bobolarimiz Mir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludlariga bag'ishlangan kechani uyushtirdik. Shuningdek, "Baxtiyor oila" loyihasining ikki yilligini nishonladik. Mamlakatimiz elchisi qutlov so'zida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar siyosati hamda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar bilan tanishtirdi. Bu yangilik va muvaffaqiyatlar bizni hamda yoshlarimizni quvontirdi, barchamizga katta rag'bat berdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish