Logo

O'zbek tili – milliy o'zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli

Oktabr 27, 2025. 11:03 • 3 daq

152
O'zbek tili – milliy o'zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli

ISLOMOBOD, 27-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tomonidan 21-oktyabr – O'zbek tili bayrami kuniga bag'ishlangan interaktiv muloqot tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Pokistonning yetakchi oliy ta'lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan tilshunos mutaxassislar, mustaqil lingvist izlanuvchilar, jamoatchilik, OAV vakillari va vatandoshlar ishtirok etdi.

O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev bayram munosabati bilan tabrik nutqi so'zladi. U O'zbek tili xalqimiz ma'naviyati, milliy o'zligimiz va davlat suverenitetining muhim ramzi ekanini ta'kidlab, uning davlat va jamiyat hayotida tutgan o'rni va ahamiyati, yurtimizda davlat tilini yanada rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar to'g'risida to'xtaldi.

Elchi, shuningdek, 1989-yil 21-oktyabr – o'zbek xalqining hayotida alohida o'rin tutadigan sana o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilganini qayd etib, bu xalqimiz uchun milliy uyg'onishi va ma'naviy mustaqillik yo'lidagi ulkan qadam bo'lganini qayd etdi.

"1989-yil 21-oktyabrda o'zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu sana nafaqat til bayrami, balki milliy o'zligimizning, madaniy merosimiz va ma'naviy qadriyatlarimizning qayta tiklanish kunidir. O'zbek tili nafaqat milliy birlik va iftixor timsoli, balki mamlakatning xalqaro maydondagi imiji va diplomatiyasining muhim tarkibiy qismi ham hisoblanadi", – dedi O'zbekiston elchisi.

Diplomat, o'z ma'ruzasida o'zbek va urdu tillari o'rtasidagi tarixiy yaqinlikka e'tibor qaratdi. "O'zbek va urdu tillari o'rtasida 4 mingdan ortiq o'xshash so'zlar mavjud, – dedi u. – Bu tasodif emas, balki xalqlarimiz orasidagi asrlar davomida shakllangan tarixiy, madaniy va ma'naviy bog'liqlikning yorqin ifodasidir. Tillarimizdagi bu mushtaraklik kelajakdagi umumiy farovonlik va hamjihatligimiz poydevori bo'lib xizmat qiladi.

"Diplomatic Focus" jurnali bosh muharriri Mian Fazal Ilahi o'z navbatida o'zbek tilining mintaqa madaniyati va adabiyoti rivojidagi ta'siri to'g'risidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

"O'zbek madaniyati va adabiyotining Janubiy Osiyoga ta'siri hozirga qadar to'liq ochib berilmagan. Shunga qaramasdan o'zbek mutafakkirlari, jumladan Alisher Navoiy va Zahiriddin Boburning ilmiy-adabiy merosining urdu adabiyoti, she'riyati va tarixi shakllanishidagi muhim o'rni doimo e'tirof etiladi. Bugungi kunda oldimizda turgan muhim vazifa – xalqlarimiz o'rtasida uzilib qolgan tarixiy rishtalarni qayta bog'lash, adabiy va madaniy aloqalarni qo'shma ilmiy tadbirlar va loyihalar orqali jadallashtirishdir", – dedi Mian Ilahi.

Urdu tili bo'yicha izlanuvchi, Pokistonning "Associated Press of Pakistan" markaziy axborot agentligi xalqaro tahririyati muharriri Ali Raza Alvi ikki davlat tilshunos olimlari o'rtasida muloqotni yo'lga qo'yish va jadallashtirish, o'zbek adabiyoti namunalarini urdu tiliga, urdu tilidagi nodir kitoblarni o'zbek tiliga tarjima qilish, filmlarni o'girish va boshqa manfaatli yo'nalishlarda hamkorlik qilish ikki xalq, xususan yoshlarda bir-birlari to'g'risidagi xabardorlikni oshirishga zamin yaratishini ta'kidladi.

Tadbirda so'z olgan boshqalar ham O'zbekiston rahbariyatining milliy til va madaniyat borasidagi siyosatini yuksak baholab, xorijda mazkur shakldagi tadbirlarni tashkil etish xalqlar o'rtasidagi do'stlikni mustahkamlash, o'zaro madaniy anglashuvni kuchaytirishga xizmat qilishini urg'uladilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish