Londonda Oʻzbekiston-Britaniya yuridik assotsiatsiyasining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi
Oktabr 26, 2025. 12:56 • 2 daq
• 30
LONDON, 26-oktabr. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniya poytaxti London shahrida Oʻzbekiston-Britaniya yuridik assotsiatsiyasi (British–Uzbek Law Association – BRULA)ning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Oʻzbekiston-Britaniya yuridik assotsiatsiyasi joriy yil 26-iyun kuni Londonda ilk bor oʻtkazilgan "Oʻzbekiston Huquq kuni" forumi doirasida tashkil etilgan edi. Assotsiatsiyaning asosiy maqsadi – Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya huquqshunoslari oʻrtasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda huquq sohasida ilmiy, ta'limiy va amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Tashkilot yurisprudensiya yoʻnalishida qoʻshma ilmiy va ta'lim dasturlarini ishlab chiqish, huquqiy amaliyotda tajriba almashish, ikki mamlakatning huquq tizimlarini chuqur oʻrganish, qonunchilik va huquqiy amaliyotning holati hamda mavjud muammolarni tahlil qilishga alohida e'tibor qaratadi.
Tadbirda Oʻzbekiston va Buyuk Britaniyaning yetakchi yuridik hamda investitsiya kompaniyalari, xalqaro moliyaviy institutlari va davlat idoralaridan vakillar ishtirok etdi.
Unda nufuzli yuridik kompaniyalar – "Littleton Chambers", "Barnes Law Associates", "PraeLegal Uzbekistan", "Squire Patton Boggs", "Norton Rose Fulbright" va Toshkent xalqaro arbitraj markazi rahbarlari va huquqshunoslari ma'ruza qildilar.
"PraeLegal Uzbekistan" kompaniyasining asoschisi va mintaqaviy hamkori Sherzod Abdulqosimov ishtirokchilarni Oʻzbekistonda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy investorlar uchun taqdim etilayotgan huquqiy kafolatlar, sud mustaqilligi va adolatli biznes muhitini ta'minlash borasidagi ishlar bilan tanishtirdi.
Yigʻilish davomida "Energetika, infratuzilma va Oʻzbekistonda nizolarni hal etish tizimi" mavzusida panel muhokamasi boʻlib oʻtdi.
Muhokamalarda ekspertlar Oʻzbekistondagi energetika va infratuzilma sohalaridagi rivojlanish tendensiyalari xususida fikr almashdilar.
Spikerlar, shuningdek, ikki mamlakat yuristlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash xalqaro muloqot, tajriba almashinuvi va qoʻshma tashabbuslarni rivojlantirishda muhimligini qayd etdilar.
Ishtirokchilar mazkur uchrashuvni Buyuk Britaniya va Oʻzbekiston huquqiy hamjamiyatlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yoʻlida muhim qadam sifatida e'tirof etdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston elchisi Bangladesh Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Rigada Oʻzbekiston milliy stendi taqdim etildi
Krasnoyarsk viloyatining Oʻzbekistonga tashrifi amalga oshirildi