YXHT forumida O'zbekiston hukumati tomonidan Orolbo'yi mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilash bo'yicha amalga oshirilayotgan dasturlar taqdim etildi

Sentabr 18, 2024. 12:55 • 2 daq

678
YXHT forumida O'zbekiston hukumati tomonidan Orolbo'yi mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilash bo'yicha amalga oshirilayotgan dasturlar taqdim etildi

PRAGA, 18-sentabr. /"Dunyo" AA/.  Joriy yilning 12-13-sentabr kunlari Chexiya poytaxtida Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) "Raqamli innovatsiyalar orqali YXHT mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni oshirish, barqaror rivojlanish va iqlimga moslashishga hissa qo'shish" mavzusiga bag'ishlangan 31-Iqtisodiy va ekologik forumi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.



Tadbirda YXHTning 57 ta ishtirokchi-davlatlari delegatsiyalari, tashkilot tuzilmalari rahbarlari va xalqaro tuzilmalar vakillari qatnashdi.

O'zbekistonning YеXHTdagi doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibragimov iqlim o'zgarishiga qarshi kurashga bag'ishlangan sessiyada Markaziy Osiyoda iqlim o'zgarishining ta'siri, O'zbekistonning ekologik barqarorlikni ta'minlash, xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi olib borayotgan davlat siyosati hamda Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar to'g'risida ma'ruza qildi.

Ishtirokchilarga BMTning Orolbo'yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo'yicha ko'psheriklik Trast jamg'armasi faoliyati haqida ma'lumot berildi. O'zbekistonning YXHTdagi doimiy vakili yig'ilganlarni mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda faol hamkorlik qilishga chaqirdi.

Shuningdek, yig'ilganlarning e'tibori keng qamrovli xavfsizlik konsepsiyasini samarali amalga oshirish uchun YXHTning iqtisodiy va ekologik mezoni imkoniyatlari va salohiyatidan kengroq foydalanish muhimligiga qaratildi.

YXHTning Iqtisodiy va ekologik forumi xavfsizlik bilan bog'liq bo'lgan iqtisodiy va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarida siyosiy muloqotni rag'batlantiradigan tashkilotning asosiy tadbiri bo'lib, har yili sentyabr oyida Chexiya poytaxti Praga shaxrida o'tkaziladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish