O'zbekiston ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyaning Afg'onistonga biznes-missiyasi tashkil etildi
May 13, 2025. 12:01 • 2 daq
• 142
KOBUL, 13-may. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 10-12-may kunlari O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxobov boshchiligidagi mamlakatimiz ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiya amaliy safar bilan Afg'onistonda bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar davomida mamlakatmiz delegatsiya a'zolari Afg'oniston Sog'liqni saqlash va oziq-ovqat vaziri o'rinbosari Hamidullo Zoxid bilan uchrashuv o'tkazdi.
Muloqot chog'ida O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan dori-darmon vositalari va oziq-ovqat mahsulotlarini Afg'onistonga eksport qilish hajmini oshirish, shuningdek, qo'shma loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishni masalalari muhokama qilindi.
Hamidullo Zoxidning aytishicha, ilgari chet davlatlardan Afg'onistonga oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalari nazoratsiz olib kirilgan bo'lsa, joriy yil mart oyidan boshlab mamlakatga bu turdagi mahsulotlar alohida sertifikatsiyadan o'tkazilgan holda import qilinmoqda.
Shu bilan birga, afg'on tomoni O'zbekistondan Afg'onistonga oziq-ovqat va farmatsevtika mahsulotlarini eksportini amalga oshirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratishini ta'kidladi.
Uchrashuv yakunida Afg'onistondan chorva mollarini import qilish, oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish uchun memorandum imzolash, Afg'oniston Sog'liqni saqlash va oziq-ovqat vazirligi delegatsiyasining O'zbekistonga tashrifini tashkil etish to'g'risida kelishib olindi.
O'zbekiston delegatsiyasi safar davomida Afg'oniston sanoat va savdo vaziri o'rinbosari Ahmadulloh Zohid bilan muzokaralar o'tkazdi.
Unda Afg'oniston tadbirkorlarining O'zbekistonda biznes qilishini qo'llab-quvvatlash, "Termiz xalqaro savdo markazi" hududi imkoniyatlaridan samarali foydalanish va boshqa masalalar xususida fikr almashildi.
Mamlakatimiz tadbirkorlari safar davomida Kobul shahrida ochilgan "O'zbekiston savdo uyi" faoliyati bilan ham tanishdilar.
Savdo uyida mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilayotgan to'qimachilik, oziq-ovqat, charm, elektrotexnika, qurilish mollari hamda boshqa iste'mol mahsulotlarini doimiy ravishda faoliyat ko'rsatuvchi "Made in Uzbekistan" ko'rgazmasi tashkil etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi