Logo

O'zbekiston va Germaniya xotin-qizlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash yo'nalishida hamkorlik qiladi

Iyun 10, 2025. 15:15 • 2 daq

96
O'zbekiston va Germaniya xotin-qizlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash yo'nalishida hamkorlik qiladi

BERLIN, 10-iyun. /"Dunyo" AA/. Oila va xotin-qizlar qo'mitasi raisi Zulayho Mahkamova boshchiligidagi "Mikrokreditbank" ATB vakillari va tadbirkor ayollardan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Germaniyaga tashrifi doirasida bir qator uchrashuvlar o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Germaniyaning "Sparkassenstiftung for International Cooperation e.V." jamg'armasi va mamlakatimiz elchixonasi ko'magida tashkil etilgan mazkur tashrifdan maqsad ikki mamlakat o'rtasida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va bu sohada uzviy hamkorlikni yo'lga qo'yish, yurtimiz kompaniyalari va nemis jamg'armalari o'rtasida o'zaro hamkorlikni yanada kengaytirishdan iborat bo'ldi.


Xususan, Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi, Iqtisodiyot va energiya federal vazirligi, Qishloq ayollari uyushmasi, Jamg'arma kassalar Moliya guruhining xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo'yicha tashkiloti va boshqa qator tashkilot rahbar vakillari bilan uchrashuvlar o'tkazildi.


Bundan tashqari, mamlakatimiz delegatsiyasi a'zolari Potsdam shahridagi "Mittelbrandenburgische Sparkasse" banki va bank akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.


Tashrif doirasida bir qator hujjatlar imzolandi. Xususan, "Hamroh" xotin-qizlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash kompaniyasi, "Mikrokreditbank" ATB va Germaniyaning "Sparkassenstiftung for International Cooperation e.V." jamg'armasi o'rtasida imzolangan hamkorlikka oid hujjatlarga ko'ra, endilikda jamg'arma kompaniyaga tadbirkor ayollarning moliyaviy savodxonligini oshirish va biznes yuritish bo'yicha o'qitish dasturlariga ko'maklashadi.


Bundan tashqari, hujjatda tadbirkor ayollarga "Mikrokreditbank" orqali maqsadli kreditlar ajratish ko'zda tutilgan. Shuningdek, Germaniyaning "West-Östliche Begegnungen" jamg'armasi bilan "Hamroh" xotin-qizlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash kompaniyasi o'rtasida imzolangan hujjatlar madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, ayollar yetakchiligi bo'yicha qo'shma loyihalarni amalga oshirish va fuqarolik jamiyatida qarorlar qabul qilishda ayollar ishtirokini kengaytirishga qaratilgan.


O'zbekistonda ayollar boshchiligidagi korxonalarning barqaror rivojlanishini ta'minlaydigan moliyaviy savodxonlikni rivojlantirish, biznes-rejalashtirish va salohiyatni oshirish dasturlarini ishlab chiqish, mahalliy moliya institutlarining tadbirkor ayollarni qo'llab-quvvatlash uchun moliyalashtirish imkoniyatlari, jumladan, grantlar yoki subsidiyalangan kredit liniyalari bo'yicha hamkorlikni yo'lga qo'yish maqsadida Oila va xotin-qizlar davlat qo'mitasi, "Mikrokreditbank" ATB va Germaniyaning "Sparkassenstiftung for International Cooperation e.V." jamg'armasi o'rtasida ham hamkorlikka oid hujjatlar imzolandi.  

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish