Logo

Buyuk Britaniyaning nufuzli moliya tashkiloti O'zbekiston korxonalari bilan hamkorlikka tayyor

May 31, 2025. 11:11 • 54 soniya

61
Buyuk Britaniyaning nufuzli moliya tashkiloti O'zbekiston korxonalari bilan hamkorlikka tayyor

LONDON, 31-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning "Peel Hunt" investitsiya banki ijrochi bosh direktori Stiven Fayn bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida xorijiy kompaniyalarni O'zbekistondagi investitsiya loyihalariga, shuningdek, respublikadagi xususiylashtirish jarayonlariga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Stiven Fayn mazkur tashkilot faoliyati, kompaniya tomonidan turli yo'nalishlarda taqdim etayotgan moliyaviy xizmatlar to'g'risida so'zlab berdi.

Kompaniyaning korporativ mijozlariga aksiyalar bozori, qarz masalalari, M&A, sarmoyadorlarni jalb etish, xususiy kapital va brokerlik xizmatlarini taklif qilishi, jumladan hozirda 17 ta sektor bo'yicha Britaniya va xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik olib borayotgani ta'kidlandi

Qayd etilishicha, "Peel Hunt" O'zbekistondagi xususiylashtirish, investitsiya loyihalarni amalga oshirish va yuqorida bayon etilgan amaliyotlar bo'yicha respublikaning yirik tarmoq korxonalari bilan hamkorlikka qiziqish bildirmoqda.

O'zbekiston rasmiy vakili Britaniya tomonini bo'lajak IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi bilan tanishtirdi va ularni ushbu nufuzli xalqaro anjumanga taklif qildi.

"Peel Hunt" Buyuk Britaniyadagi yetakchi investitsiya banki bo'lib, korporativ mijozlarga moliyaviy xizmatlar ko'rsatadi. Kompaniya 1989-yilda tashkil topgan. Uning London, Nyu-York va Kopengagenda ofislari bor.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish