Logo

Jizzax viloyati va Polshaning Kuyaviya-Pomeraniya voyevodligi o'rtasida hududlararo hamkorlik yo'lga qo'yiladi

Iyul 22, 2025. 10:01 • 3 daq

42
Jizzax viloyati va Polshaning Kuyaviya-Pomeraniya voyevodligi o'rtasida hududlararo hamkorlik yo'lga qo'yiladi

KUYAVIYA-POMERANIYA, 22-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Amirsaid Agzamxodjayev amaliy tashrif bilan Polshaning Kuyaviya-Pomeraniya voyevodligiga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Kuyaviya-Pomeraniya voyevodligi Polshaning shimoli-markaziy qismida joylashgan. Hududda oziq-ovqat, kimyo, elektrotexnika sanoati, transport-kommunikatsiya, qishloq xo'jaligi va boshqa sohalar rivojlangan.

Safar davomida Kuyavsko-Pomorsk voyevodligi marshali (hokimi) Pyotr Salbeski bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

Unda O'zbekiston – Polsha o'rtasidagi ko'p qirrali munosabatlar, ayniqsa, hududlararo hamkorlik yo'nalishida katta salohiyat mavjudligi alohida qayd etildi.

Marshal Pyotr Salbeski Polsha tomoni O'zbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim siyosiy va iqtisodiy sheriklardan biri sifatida e'tirof etishini ta'kidlab, Yangi O'zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini yuksak baholadi. Uning aytishicha, so'nggi yillarda O'zbekistonda tadbirkorlikni rag'batlantirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlar Polsha biznes doiralarini O'zbekistonga biznes qilishga undayapti.

Muzokaralar chog'ida ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari atroflicha muhokama qilinib, Kuyavsko-Pomorsk voyevodligi va Jizzax viloyati o'rtasida turizm, qishloq xo'jaligi, yuqori texnologiyalar, mehnat migratsiyasi va ta'lim sohalarida hududlararo aloqalarni yo'lga qo'yish yuzasidan aniq kelishuvlarga erishildi.

Jizzax viloyati delegatsiyasining Polshaga va Pyotr Salbeskining joriy yil kuz faslida Jizzaxga safarlarini uyushtirish imkoniyatlari ko'rib chiqildi.

O'zbekiston rasmiy vakili Polshaning nufuzli kompaniyalaridan biri — "Marszałek Holding" boshqaruv kengashi raisi Adam Marshalek bilan muloqot qildi. Unda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va madaniy sohalarda aloqalarni yanada mustahkamlash yuzasidan qator masalalar muhokama qilindi.

2026-yil may oyida Polshaning Torun shahrida o'tkazilishi rejalashtirilayotgan XIII Xalqaro Osiyo Kongressida O'zbekiston delegatsiyasining ishtirokini ta'minlash bo'yicha kelishuvga erishildi.

Shu bilan birga, Adam Marshalek rahbarlik qilayotgan "Marszałek" nashriyot uyi va "O'zbekiston nashriyoti" davlat unitar korxonasi o'rtasida Hamkorlik memorandumini imzolash marosimini o'tkazish yuzasidan fikr almashildi.

Qayd etilishicha, O'zbekiston va Polsha nashriyot uylari o'rtasida memorandum imzolanishi, ikki tomon o'rtasida ilmiy, adabiy va madaniy ma'lumotlar almashinuvini yo'lga qo'yish, hamkorlikda nashr loyihalarini amalga oshirish va ikki mamlakat o'rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga zamin yaratadi.

O'zbekiston elchisi safar davomida Torun shahrida joylashgan, Polsha va Buyuk Britaniyadagi yirik savdo tarmoqlarini poliz mahsulotlari bilan ta'minlab kelayotgan "Agro Sp. Z o.o." kompaniyasi rahbari Marchin Dimovskiy bilan ham muzokara o'tkazdi.

Unda "Agro Sp. Z o.o." kompaniyasi bilan O'zbekistonda qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish sohalarida faoliyat yuritayotgan "BMB Holding" kompaniyasi o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri hamkorlik aloqalarini o'rnatish yuzasidan fikr almashildi.

Joriy yil avgust oyida mazkur ikki kompaniya vakillari o'rtasida onlayn muloqot tashkil etish, shuningdek, "Agro Sp. Z o.o." kompaniyasining qishloq xo'jaligi obyektlarida Toshkent davlat agrar universitetining 100 nafar talabaci uchun amaliyot o'tash imkoniyatini yaratish to'g'risida ahdlashib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish