Logo

Kobul shahrida o'tkazilgan ko'rgazmada O'zbekiston delegatsiyasi ham qatnashdi

Noyabr 23, 2025. 13:12 • 2 daq

251
Kobul shahrida o'tkazilgan ko'rgazmada O'zbekiston delegatsiyasi ham qatnashdi

KOBUL, 23-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov boshchiligida oziq-ovqat, qurilish mollari, elektrotexnika va mebel sohasidagi tadbirkorlardan iborat delegatsiya Kobul shahriga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Dastlab delegatsiya Kobul shahridagi "O'zbekiston savdo uyi"ga tashrif buyurib, mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilayotgan to'qimachilik, oziq-ovqat, charm, elektrotexnika, qurilish mollari hamda boshqa iste'mol mahsulotlarini doimiy ravishda namoyish etuvchi "Made in Uzbekistan" ko'rgazmasini ko'zdan kechirdi. Kunning ikkinchi yarimida mehmonlar Kobul shahrida kurilish materiallari, elektrotexnika va gilam savdosiga ixtisoslashgan bozorlar va ulardagi narx-navolar bilan tanishdi.

"Kobul xalqaro ekspo markazi"da Afg'oniston, O'zbekiston, Eron, Turkmaniston, Bangladesh, Turkiya va Hindiston tadbirkorlari ishtirokidagi "Imom Abu Hanifa" 4-milliy xalqaro ko'rgazma yarmarkasida delegatsiya vakillari ham ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida Afg'oniston Sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy xorijiy delegatsiya a'zolari va tadbirkorlarni iliq kutlab, ularga tashrif uchun minnatdorlik bildirdi. U hukumatning ko'plab davlatlar bilan yaxshi savdo aloqalarini yo'lga qo'yayotganini alohida ta'kidladi.

"Imom Abu Hanifa" nomidagi ushbu ko'rgazmani tashkil etilishi har tomonlama savdoni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ko'rgazma tadbirkorlarga o'z mahsulotlari va xizmatlarini tanishtirish, yangi bozorlarni zabt etish, sheriklik aloqalarni o'rnatish uchun imkoniyat yaratadi.

Kompaniyalar to'g'ridan-to'g'ri muzokara olib borish, o'zaro manfaatli bitimlar tuzish va kelajakdagi hamkorlik asoslarini yaratish imkoniyatiga ega bo'ladi.

Tadbirda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov ham so'z yuritib, O'zbekistonda yaratilgan qulay investitsion muhit va keng imkoniyatlar bilan batafsil tanishtirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev sa'y-harakatlari tufayli mamlakatlarimiz savdo aylanmasi joriy yilning 9 oyida 1 milliard dollardan oshgani va kelgusida bu ko'rsatkichni 3 milliard dollarga yetkazish bo'yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish