Litvaning Klaypeda shahrida O'zbekiston savdo uyi ochiladi
May 10, 2024. 14:50 • 2 daq
• 253
KLAYPEDA, 10-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi delegatsiyasi Litvaga amaliy safari davomida Klaypeda shahridagi "BEGA" kompaniyasi rahbari Laymonas Rimkus bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Laymonas Rimkus bugungi kunda O'zbekiston iqtisodiyoti har tomonlama rivojlanayotganini, shuningdek, dunyodagi mahsulotlarga mos ravishda raqobatbardosh milliy tovarlar ishlab chiqarilayotganini e'tirof etdi. "O'zbekistonning Yevropa mamlakatlariga amalga oshirilayotgan eksport hajmi tobora oshib borayotganini inobatga olib, Litva kompaniyalari o'zbek tadbirkorlari bilan aloqalarni rivojlantirishga katta qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, Latviya va Litva davlatlari orqali Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga o'tayotgan o'zbek mahsulotlarining eksport hajmi ham oshib borayapti", dedi u.
"BEGA" kompaniyasining imkoniyatlari bilan tanishish chog'ida korxonada barcha zarur port infratuzilmasi yaratilgani, kimyo, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari, qishloq xo'jaligi mahsulotlari va boshqa turdagi yuk mahsulotlarini tashish va to'plash uchun zamonaviy avtomatlashtirilgan texnologiyalari mavjud ekanligi ma'lum bo'ldi.
Bundan tashqari, kompaniya joylashgan maydon 4 gektardan ortiq, temir yo'lga ulangan va O'zbekistondan keladigan barcha transportlarga qisqa muddatda xizmat ko'rsata olish imkoniyatiga ega.
Muzokaralar davomida kompaniya omborlari va tashkil etilayotgan O'zbekiston savdo uyining binosini ijaraga olishning tartiblari, qonuniy jihatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida joriy yilning 24-27-may kunlari Klaypeda shahrida O'zbekiston savdo uyini rasmiy ochilish marosimini o'tkazish bo'yicha kelishuvga erishildi.
"BEGA" kompaniyasi 1992-yili tashkil etilgan. Kompaniya yuk tashish, yuklash va tushirish, vaqtincha saqlash xizmatlarini ko'rsatadigan Boltiqbo'yidagi yirik zamonaviy port korxonalardan biri hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi