Logo

Malayziya ishbilarmon doiralari vakillari O'zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar jarayoni bilan tanishdi

Iyun 06, 2025. 15:14 • 3 daq

74
Malayziya ishbilarmon doiralari vakillari O'zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar jarayoni bilan tanishdi

KUALA-LUMPUR, 6-iyun. /"Dunyo" AA/. Yurtimiz elchixonasida O'zbekistonning investitsiyaviy salohiyatiga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekistonga xorijiy sarmoyalarni jalb etish maqsadida tashkil etilgan biznes muloqotda Malayziya o'rta darajadagi kompaniyalar konsorsiumi (MCMTC) prezidenti Martin Ang va tashkilotga a'zo kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatini O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev kirish nutqi bilan ochib berdi. Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda biznes yuritish muhiti, jumladan xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay imkoniyatlar to'g'risida ma'lumot berildi.

MCMTC prezidenti Martin Ang O'zbekistonda kuzatilayotgan ijobiy o'zgarishlar va biznes uchun yaratilgan qulay sharoitlar katta taassurot uyg'otganini ma'lum qildi. U O'zbekistonda investitsiya faoliyati va biznes boshlash uchun qulay fursat kelganligini ta'kidlab, tashkilot a'zolarini mamlakatimizga tashrif buyurishga hamda O'zbekiston, qolaversa Markaziy Osiyo bozorlariga kirib borish uchun yangi imkoniyatlarni kashf qilishga chaqirdi.

Shuningdek, Martin Ang joriy yil noyabr oyida Malayziyada o'tkazilishi rejalashtirilgan ASEANning turli savdo va sanoat uyushmalari forumida Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O'zbekiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish mavzusida alohida panel sessiya tashkil etilishini ma'lum qildi.

Tadbir davomida O'zbekiston investitsiya salohiyati to'g'risida taqdimot o'tkazildi. Unda O'zbekistonda so'nggi yillarda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash bo'yicha keng qamrovli islohotlar olib borilayotgani, investorlar o'z g'oyalarini amalga oshirish uchun respublika hukumati tomonidan har tomonlama qo'llab-quvvatlanayotgani ta'kidlandi.

 "Thumbprints Utd Sdn Bhd" kompaniyasi boshqaruv direktori Lim Chi Yung o'z navbatida O'zbekistonda bolalar ta'limi sifatini oshirish uchun innovatsion qo'llanmalarni targ'ib qilish va mahalliy nashriyot korxonalar bilan ushbu turdagi kitoblarni hamkorlikda chop etish va maktabgacha ta'lim muassasalariga yetkazib berishga qiziqish bildirdi.

"Bodibasixs Manufacturing Sdn Bhd" kompaniyasi ijrochi direktori Li Pang O'zbekistonda halol standartlar asosida shaxsiy parvarishlash va kosmetika vositalarini hamkorlikda ishlab chiqarish va Markaziy Osiyo davlatlariga yetkazib berish imkoniyatlarini o'rganib chiqishga qiziqish bildirdi.

"Gourmet Ingredients Sdn Bhd" kompaniyasi bosh direktori mamlakatimizda qandolatchilik mahsulotlari va tez tayyorlanadigan sho'rva kukuni ishlab chiqarish bo'yicha o'z filialini tashkil etish va Markaziy Osiyo bozorlariga yetkazib berish bo'yicha mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma'lum qildi.

Tadbir yakunida joriy yil sentyabr-oktyabr oylarida MCMTCga a'zo kompaniyalar vakillaridan iborat delegatsiyaning O'zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish, uning doirasida mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qilish bo'yicha ikki tomonlama muzokaralar o'tkazishga kelishib olindi.

Marting Ang, Malayziya o'rta darajadagi kompaniyalari konsorsiumi (MCMTC) prezidenti:

– Bugun men O'zbekistonning Malayziyadagi elchixonasida bo'lishdan mamnunman. MSMTSga a'zo korxonalar bilan bugungi muloqotni tashkil etgani uchun O'zbekiston tomoniga o'z minnatdorligimni bildiraman.

Uchrashuvimiz juda mazmunli o'tdi. Unda oziq-ovqat, IT kabi qator sohalardagi 10dan ziyod korxonalardan 20 ga yaqin vakillar ishtirok etdi. Bizga O'zbekistonga sarmoya kiritish imkoniyatlari to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.

Bugungi taqdimot va muloqot biz uchun yangi imkoniyatlarni kashf etdi. 37 millionlik aholisi bo'lgan mamlakatingizda biz kabi o'rta darajadagi sarmoyadorlar uchun barcha sohalarda keng imkoniyatlar va imtiyozlar yaratilgan.

MCMTC O'zbekistonga tashrif buyurish va o'zbek sheriklar bilan birgalikda ishlashga tayyor. O'ylaymanki, birgalikda har ikki tomon uchun ham manfaatli bo'lgan natijalarga erishamiz.

Li Pang, MCMTC vitse-prezidenti, "BodiBasixs Sdn.Bhd." kompaniyasi ijrochi direktori:

– Bugungi muloqot juda qiziqarli tarzda bo'lib o'tdi. Biz MCMTC a'zolarining O'zbekistonga safarini kelishib oldik. Tadbirda o'tkazilgan taqdimotdan bildimki, O'zbekistonda a'zolarimiz uchun imkoniyatlar juda ko'p.

O'ylaymanki, biz mamlakatingizga sarmoya kiritishimiz va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo'yicha hamkorlik qilishimiz mumkin. Chunki O'zbekistonda meva va sabzavotlar ko'p yetishtiriladi hamda bu sohada katta imkoniyatlar mavjud.

Shuningdek, IT kabi boshqa sohalardagi a'zo kompaniyalarimiz ham "O'zbekiston IT parki" kabi hamkorlar bilan ishlashga qiziqish bildirmoqda.

Men kosmetika sanoati vakiliman. Shu bois, ushbu yo'nalishda O'zbekiston bilan savdo aloqalarimizni kengaytirishga ham umid qilayapman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish