Logo

O'zbekiston hududlari va Eronning Guliston viloyati o'rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar yo'lga qo'yilmoqda

Iyun 03, 2025. 14:17 • 50 soniya

131
O'zbekiston hududlari va Eronning Guliston viloyati o'rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar yo'lga qo'yilmoqda

GORGAN, 3-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Fariddin Nasriyev amaliy safar bilan Eronning Guliston viloyati Gorgan shahrida bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif doirasida Guliston Savdo-sanoat, konchilik va qishloq xo'jaligi palatasida biznes-forum o'tkazildi.

Unda Guliston viloyati gubernatorining iqtisodiy masalalari bo'yicha o'rinbosari Abdu Ali Kian Mehr, Savdo-sanoat, konchilik va qishloq xo'jaligi palatasi raisi Amir Yusefi va hududning yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Elchi Fariddin Nasriyev o'z ma'ruzasida mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, xorijiy tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va taqdim etilayotgan imtiyozlar haqida batafsil so'zlab berdi.

Shuningdek, Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida eronlik ishlab chiqaruvchilar uchun erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgani va bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar to'g'risida alohida ta'kidlandi. Guliston viloyati tadbirkorlariga mazkur erkin iqtisodiy zonada qo'shma loyihalarni amalga oshirish taklifi bildirildi.

Bundan tashqari, Guliston viloyatining yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan V2V formatida uchrashuvlar o'tkazildi. Ularda mamlakatimizda biznes yuritish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, o'zbek sheriklar bilan aloqalarni yo'lga qo'yish va boshqa masalalar xususida fikr almashildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish