Malayziyada ochilgan agroko'rgazmada qishloq xo'jaligi sohasidagi eng so'nggi innovatsiyalar va texnologiyalar namoyish etilmoqda
Iyun 02, 2025. 02:53 • 2 daq
• 48
KUALA-LUMPUR, 2-iyun. /"Dunyo" AA/. Kecha Malayziyaning Selangor shtatida "SHOW TECH MARDI-2025" agroko'rgazma ochildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Malayziya qishloq xo'jaligi ilmiy-tadqiqot va rivojlanish instituti (MARDI) tomonidan tashkil etilgan ko'rgazmada fermerlar, seleksionerlar, sanoat korxonalari, akademik doiralar va keng jamoatchilik vakillari tashrif buyurishi kutilmoqda.
Ko'rgazma MARDIning so'nggi besh yildagi tadqiqotlari natijalarini ko'rish, shuningdek yuqori sifatli urug'lar, ko'chatlar va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini to'g'ridan-to'g'ri sotish/sotib olish bo'yicha institut bilan tegishli hamkorlik bitimlari tuzish uchun eng yaxshi platforma sifatida ta'riflanadi.
Jumladan, ishtirokchilar oziq-ovqat, sabzavotlar, asalarichilik, chorvachilik kabi turli mavzudagi qishloq xo'jaligi zonalarida amaliy tajribalar, innovatsion agrotexnologiya yutuqlaridan bahramand bo'lishlari mumkin.
Agroko'rgazma pavilyonlari orasida o'simliklar klinikasi ham bo'lib, u yerda tashrif buyuruvchilar qishloq xo'jaligi va agrobiznes bo'yicha mutaxassislar maslahatlarini olishlari uchun sharoitlar yaratilgan.
Tadbirda ishtirok etgan O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya Qishloq xo'jaligi oziq-ovqat xavfsizligi vaziri o'rinbosari Artur Jozef Kurup va MARDI bosh direktori Muhammad Zabavi Abdul G'ani bilan uchrashdi.
Tomonlar qishloq xo'jaligi sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari, jumladan Malayziyaning yuqori darajadagi delegatsiyasining O'zbekistonga tashrifini uyushtirish va MARDI institutining sohadagi yutuqlaridan foydalangan holda o'zbek tomoni bilan o'zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo'yicha kelishib olishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi