O'zbekiston elchisi Italiyaning Abrusso viloyatidagi yirik korxona va uyushmalar rahbarlari bilan samarali muzokaralar o'tkazdi
Mart 31, 2024. 12:04 • 2 daq
• 108
RIM, 31-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiyaning Abrusso viloyatiga tashrifi davomida Vasto va San-Salvo shaharlaridagi yirik korxonalar faoliyati bilan tanishdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Ushbu hududlardagi korxonalar avtomobilsozlik va elektrotexnika zavodlari uchun to'liq ishlab chiqarish liniyalari, sanoat robotlari, 3D printerlari yetkazib berishga ixtisoslashgan.
Jumladan, "TCM Srl" (TCM) kompaniyasi rahbarlari Beniamino Tambelli bilan muloqot chog'ida mashinasozlik va sanoat sohalarida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, ushbu kompaniya mamlakatimizdagi "Avtooyna" korxonasi bilan ko'p yildan beri hamkorlik qilib kelmoqda.
"Aumatech Srl"k kompaniyasi ta'sischisi Marko Monako "Stellantis" kompaniyalar guruhi bilan hamkorligidan faxrlanishini, FIAT avtomashinalari uchun yonilg'i baklari aynan "Aumatech" liniyalarida ishlab chiqarilishini aytib o'tdi. "Aumatech" O'zbekiston bilan hamkorlik istiqbollari juda kengligini va mamlakatimiz bozoriga kirish korxona uchun juda katta yutuq bo'lishini ta'kidladi.
O'zbekiston elchisi, shuningdek, "Euro-Ortofrutticola del Trigno" yirik qishloq xo'jalik majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Kooperativ hududning 720 ta fermer xo'jaliklarini birlashtiradi. Ular asosan o'rik, artishok, gilos, shaftoli, zaytun va uzum yetishtirish hamda qadoqlashga ixtisoslashgan.
"Euro-Ortofrutticola del Trigno" tijoriy direktori Nikola Di Lello O'zbekiston meva-sabzavot yetishtirish quvvatlari bilan juda yaxshi tanishligini, mamlakatimiz ushbu yo'nalishda ulkan imkoniyatlarga egaligini ta'kidladi. Uning aytishicha, Italiyada meva-sabzavot mahsulotlari katta hajmda yetishtiriladi va iste'mol qilinadi. Ammo, narxlar oshishi sababli so'nggi ikki yilda aholi tomonidan meva-sabzavot sotib olinishi 15 foizga qisqargan. Shubhasiz, Italiya bozorida xorijdan raqobatbardosh narxlarda importga ehtiyoj mavjud.
Abrusso viloyati korxonalarining "Konfindustriya" uyushmasi vitse-prezidenti Alessandro Addari bilan bo'lib o'tgan uchrashuv ham samarali bo'ldi.
"O'zbekiston elchisini qabul qilishdan juda xursand bo'ldik, — dedi u. — Harakatlarimizni sizlar bilan o'zaro manfaatli hamkorlikka qaratishimiz lozim. Ikki mamlakat kompaniyalari o'rtasida hamkorlik, bilim va tajriba almashinuvini yo'lga qo'yish, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish va O'zbekistonda turizm sohasi uchun yaratilgan imkoniyatlardan foydalanishimiz kerak", dedi u.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi