Logo

O'zbekiston Pokistonning Karachi porti hududida zamonaviy saqlash ombori va logistika markazini tashkil etishga qiziqish bildirmoqda

Iyun 30, 2025. 07:11 • 53 soniya

115
O'zbekiston Pokistonning Karachi porti hududida zamonaviy saqlash ombori va logistika markazini tashkil etishga qiziqish bildirmoqda

KARACHI, 30-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi rahbariyati va mamlakatimiz elchisi Alisher To'xtayev Pokistonning Sind viloyatiga tashrifi doirasida Karachi porti ma'muriyati bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muzokaralar chog'ida ushbu port orqali yuk aylanmasini ko'paytirish, tranzit tartiblarini soddalashtirish va o'zaro logistika aloqalarini yo'lga qo'yish va mintaqaviy bog'liqlikni kuchaytirishga qaratilgan barqaror aloqalarini o'rnatish masalalari muhokama qilindi.

Karachi porti boshqaruv qo'mitasi a'zolari Abdulla Zakiy va Fahim ur-Rahman Saygol ushbu portda xorijiy mamlakatlar bilan savdo aloqalari uchun yaratilgan sharoitlar haqida taqdimot o'tkazdi.

Muzokaralarda yuk tashish, logistika va dengiz turizmi sohalarida qo'shma loyihalarni amalga oshirish, dengiz iqtisodiyoti yo'nalishidagi hamkorlikni diversifikatsiya qilish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

O'zbekiston delegatsiyasi vakillari Karachi portidagi yirik infratuzilma obyektlari, jumladan, "South Asia Pakistan Terminals Limited" kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi. O'zbekiston tomoni Karachi port hududida zamonaviy saqlash ombori va logistika markazi tashkil etishga qiziqish bildirdi.

Port ma'muriyati O'zbekiston tomoniga barcha sharoitlar yaratib berilishi, maqbul shartlar asosida saqlash omborxonalarini taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish