O'zbekistonning savdo-iqtisodiy, ta'lim va turizm salohiyati Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida taqdim etildi
Iyun 15, 2025. 10:03 • 2 daq
• 85
YEKATERINBURG, 15-iyun. /"Dunyo" AA/. Yurtimiz Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Janubiy Ural Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda O'zbekistonning savdo-iqtisodiy, ta'lim va turizm salohiyatiga bag'ishlangan maxsus tadbir tashkil etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Chelyabinsk viloyatining qurilish materiallari, oziq-ovqat va to'qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, turizm, mehmonxona biznesi, logistika sohalarida faoliyat yuritayotgan korxonalar hamda hududdagi oliy va ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Janubiy Ural Savdo-sanoat palatasi prezidenti Fedor Degtyarev o'z nutqida, Chelyabinsk viloyati va O'zbekiston hududlari o'rtasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berdi. Mamlakatlarimiz o'rtasidagi tovar ayirboshlash ortib borayotgani, ayni paytda Chelyabinsk viloyati O'zbekiston bilan tovar ayirboshlash bo'yicha Moskvadan keyin ikkinchi o'ringa ko'tarilganini alohida ta'kidladi.
Bosh konsul Jahongir Parmonov o'z chiqishida, ishtirokchilarga O'zbekistonda xorijiy va mahalliy tadbirkorlar uchun yaratilgan sarmoyaviy salohiyat va shart-sharoitlar, respublikamizdagi erkin iqtisodiy hududlar to'g'risida batafsil so'zlab berdi. Shuningdek, Rossiya tomoni xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O'zbekiston fuqarolari va ularning oila a'zolarini qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlar bilan tanishdilar.
Ta'lim muassasalari vakillari bilan bo'lib o'tgan B2B shaklidagi uchrashuvlarda ta'lim sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha qadamlar muhokama qilindi. Xususan, O'zbekiston tomoni Chelyabinsk viloyatida joylashgan oliy va o'rta maxsus ta'lim muassasalarining respublika viloyatlarida filiallarini ochish, muhandislik, IT-texnologiyalar, tibbiyot va boshqa sohalarda mutaxassislar tayyorlash bo'yicha qo'shma dasturlarni ishlab chiqish taklifini bildirdi.
Tadbir doirasi O'zbekiston turizmi imkoniyatlariga bag'ishlagan stend tashkil qildi. Bu nafaqat respublikaning sayyohlik imkoniyatlarini namoyish etish, balki O'zbekistonga potensial sayyohlar e'tiborini jalb qilish imkonini berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Budapeshtda ikkinchi O‘zbekiston–Vengriya hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida hamkorlik kengaytiriladi