O'zbekiston va AQSh o'rtasida mamlakatimizning JSTga a'zo bo'lish jarayoni doirasida tovar va xizmatlar bozoriga kirish to'g'risidagi bayonnoma imzolandi
Dekabr 21, 2024. 15:32 • 2 daq
• 287
VASHINGTON, 21-dekabr /"Dunyo" AA/. Joriy yil 19-dekabr kuni Vashington shahrida O'zbekiston va AQSh o'rtasida mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo'lishi doirasida tovar va xizmatlar bozoriga kirish to'g'risidagi bayonnoma imzolandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Avvalroq, noyabr oyi boshida muzokaralar o'tkazish bo'yicha guruhlar tomonidan ushbu muhokamalarning yakunlanganligi e'lon qilingan edi.
Tegishli bayonnoma O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari Jamshid Xodjayev va AQSh Savdo vakili Ketri Tay tomonidan imzolandi.
Marosimda O'zbekiston tomonidan Prezidentning JST masalalari bo'yicha maxsus vakili Azizbek Urunov, elchi Furqat Sidiqov, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o'rinbosari Akram Aliyev hamda muzokaralar guruhi a'zolari ishtirok etdi.
AQSh tomonidan tadbirga Savdo vakilining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha o'rinbosari Brendon Linch, JST va ko'p tomonlama savdo masalalari bo'yicha o'rinbosari Nil Bek va bozorga kirish bosh muzokarachisi Olga Lutchin qatnashdi.
Tadbirda tomonlar erishilgan kelishuvlarning ahamiyatini alohida ta'kidlab, muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunlanishi ikki mamlakatning ko'p tomonlama savdo tizimi, adolatli va shaffof savdo qoidalarga asoslangan munosabatlarga sodiqligini qayd etdi.
AQSh tomoni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni va JSTga a'zo bo'lish yo'lidagi sa'y-harakatlarini to'liq qo'llab-quvvatlashini bildirib, iqtisodiyotning turli sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanligini ma'lum qildi.
AQSh Savdo vakili tomonidan O'zbekistonning global savdo tizimiga integratsiyalashuviga qaratilgan sa'y-harakatlari xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, mamlakatning eksport salohiyatini oshirish va barqaror iqtisodiy o'sishni ta'minlash uchun yangi imkoniyatlarni yaratishga, eng asosiysi, xalq farovonligini yaxshilashga xizmat qilishi ta'kidlandi.
Imzolash marosimi yakunida tomonlar yana bir bor O'zbekistonning JSTga a'zo bo'lish jarayonini tezlashtirish maqsadida, jumladan, ko'p tomonlama muzokaralar va qishloq xo'jaligini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash shartlarini muvofiqlashtirish doirasida hamkorlikni jadallashtirishini tasdiqladilar.
Ta'kidlash lozim, O'zbekistonning JSTga a'zo bo'lish jarayoni doirasida AQSh – bozorga kirish bo'yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangan 21-davlat bo'lgan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




