Logo

O'zbekiston hududlari va Turkiyaning Konya viloyati o'rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar kengaytiriladi

Avgust 27, 2025. 09:08 • 2 daq

67
O'zbekiston hududlari va Turkiyaning Konya viloyati o'rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar kengaytiriladi

KONYA, 27-avgust. /"DunyoAA/. O'zbekiston elchixonasi delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Turkiyaning Konya viloyatiga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif davomida viloyat meri va gubernatori, shuningdek, qishloq xo'jaligi, charm-poyabzal va sanoat uskunalari ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o'tkazildi.

Jumladan, Konya viloyati meri Ug'ur Ibraxim Altay va gubernator Ibraxim Akin bilan kechgan muloqot chog'ida O'zbekiston va Turkiya hududlari o'rtasidagi savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar, madaniy-ma'rifiy aloqalarning jadal rivojlanib borayotgani ta'kidlandi.

Tomonlar Konya, Samarqand va Buxoro shaharlari o'rtasida o'rnatilgan qardoshlik aloqalari doirasida turli tadbirlarni o'tkazish yuzasidan fikr almashdilar.

–O'zbekiston bizning "ota yurtimiz", Konya viloyati tarixan O'zbekiston bilan bog'liq. Xususan, viloyatimizning bitta tumaniga Toshkent nomi berilgan. Biz O'zbekistonning ziyorat turizmi, savdo-iqtisodiy salohiyatini hududimizda keng targ'ib etishga tayyormiz. Bu borada Taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik yo'lga qo'yilgan, – dedi gubernator Ibraxim Akin.

Konya viloyati meri Ug'ur Ibraxim Altay O'zbekistonning tarixiy Samarqand va Buxoro shaharlari bilan qardoshlik munosabatlarining o'rnatilganini yuksak sharaf deb baholadi.

– Bu aloqalar orqali o'zaro savdo, forumlar, madaniy tadbirlar, ta'lim va ilm-fan sohasida qo'shma dasturlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. Konya viloyati har doim O'zbekistonga samimiy hamkor va ishonchli do'st bo'lib qoladi, – dedi mer. – Men shu yil may oyida O'zbekistonga bordim. Toshkent shahrida O'zbekiston-Turkiya Hukumatlararo komissiya yig'ilishida ishtirok etdim. Tadbir yakunida O'zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlik kelishuvini imzoladik. Bundan tashqari, Samarqand va Buxoro shaharlarini ziyorat qildim. Safar davomida O'zbekiston so'nggi yillarda qanchalik o'zgarganini va taraqqiy etganini ko'rib, rosti mamnun bo'ldim.

O'zbekiston rasmiy vakili safar davomida Konyadagi "Ayca Süt", "Özbağci Kundura Deri", "Özmak Tarim", "Gündüzler Tarla", "Elmali Makina" "Memak Plastik Gida Makina" korxonalarida bo'lib, ularning faoliyati bilan tanishdi.

Kompaniyalar rahbarlari bilan kechgan suhbat chog'ida O'zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati haqida so'zlab berildi, Turkiya tomoniga yurtimizda qo'shma loyihalarni amalga oshirish taklifi bildirildi.

Bo'lib o'tgan muzokaralar yakunida Konya ishbilarmon doiralar vakillarining O'zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etishga ahdlashib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish